G‘uzorda yillar davomida tazyiq ostida yashagan o‘qituvchi ayol vafot etdi

G‘uzorda yillar davomida tazyiq ostida yashagan o‘qituvchi ayol vafot etdi

Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida yillar davomida turmush o‘rtog‘ining tazyiqi va zo‘ravonligi ostida yashab kelgan o‘qituvchi ayol vafot etgan. Holat yuzasidan sud erkakka 7 yil 6 oylik qamoq jazosini tayinlagan.

Sud hujjatlarida keltirilishicha, ayol 2019 yilda 30 yoshli erkak bilan qonuniy nikohdan o‘tgan. Oilada ikki nafar voyaga yetmagan farzand bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ayol maktabda o‘qituvchi, shuningdek, bog‘chada yo‘riqchi vazifasida ishlab kelgan. Uy-ro‘zg‘or yumushlaridan ortmasa-da, turmush o‘rtog‘i uni dalada yantoq chopishga ham majburlagan. Erkak muntazam ravishda xotinini kaltaklab, haqorat qilgan va unga tan jarohatlari yetkazgan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, erkak xotini kreditga olgan telefonini devorga urib sindirgan. Buning oqibatida ayol attestatsiya jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan.

Shuningdek, erkak xotinining ish haqini uning ixtiyorida qoldirmagan. Ayolning maoshi uning o‘zi va qaynonasining plastik kartalariga o‘tkazib kelingan. Tazyiq va cheklovlar bir necha yil davom etgan. Ayol o‘zini bu holatlardan himoya qila olmagan.

Sud hujjatlarida qayd etilishicha, 2025 yil 26 oktyabr kuni soat taxminan 06:30 da ayol yashash xonadonidagi avtomobil saqlash xonasida o‘z joniga qasd qilgan va vafot etgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘uzor tuman sudining hukmi bilan erkak aybdor deb topilib, unga 7 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar