Janubiy Koreyada o‘zbekistonlik ayol 4 mushukni o‘ldirishda gumonlanmoqda

Janubiy Koreyaning Kyonsan-Namdo provinsiyasi Kimxe shahrida 20 yoshlardagi O‘zbekiston fuqarosi to‘rt mushukchani binodan uloqtirib, o‘ldirganlikda gumonlanib, prokuraturaga yuborildi. Bu haqda Korea Daily xabar berdi.
Kimxe markaziy politsiya bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, ayolga nisbatan hayvonlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunni buzish va boshqa huquqbuzarliklar bo‘yicha ish ochilgan. U hozircha hibsga olinmagan holda prokuraturaga yuborilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ayol iyul oyida Kimxe shahrining Desondun hududidagi ko‘p qavatli uyning 5-qavatida joylashgan xonadonida bo‘lgan vaqtida mushukchalarni derazadan tashlab yuborgan. Natijada to‘rt hayvonning barchasi halok bo‘lgan.
Halok bo‘lgan mushuklar orasida Russian Blue, Korean Shorthair va Ragdoll zotlari bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, ayol ularning ayrimlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali bepul olgan, boshqalarini esa hayvonlar do‘konidan sotib olgan. Mushukchalarning yoshi taxminan ikki oy bo‘lgan.
Tergovga ko‘ra, jinoyatlardan biri vaqtincha parvarishlovchi shaxsdan mushukchani olganidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgan. Uy sharoitini ko‘rgan vaqtincha egasi mushukchani berishdan voz kechmoqchi bo‘lgan, ammo ayol uni hech bo‘lmasa bir kun uyida qoldirishni so‘ragan. Keyin esa mushukchani derazadan tashlab yuborgani aniqlangan.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, ayol so‘roq vaqtida qilmishini tan olgan. U hayvonlarni kayfiyati yomon bo‘lgan paytlarda o‘ldirganini aytgan. Hodisa hayvonlarni himoya qilish tashkiloti murojaatidan keyin fosh bo‘lgan.
Qizig‘i, tergov jarayoni davomida ham ayol boshqa mushukchani asrab olishga uringani haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgan. Hozirda ish bo‘yicha qo‘shimcha tekshiruvlar davom etmoqda.






























Izohlar 0
…