Amerikalik erkak qizi bilan aravachada jahon rekordini yangiladi

AQSHlik shifokor va sobiq yengil atletikachi Stiven Bibelxauzen qizchasi Bleykni maxsus yugurish aravachasiga o‘tqazib, bir millik masofani 4 daqiqa 17 soniyada bosib o‘tdi.
Ushbu natija 8 avgust kuni Klivlend shahrida o‘tkazilgan Guardian Mile musobaqasining Stroller Mile bahsida qayd etildi. U musobaqada qizini Hope Memorial Bridge orqali yetaklab yugurgan.
Bibelxauzenning natijasi hozircha rasmiy jahon rekordi sifatida tasdiqlanmagan. Biroq u 2025 yilda Silas Frans qayd etgan 4 daqiqa 26,29 soniyalik natijadan qariyb 9 soniya yaxshiroq.
Stivenning so‘zlariga ko‘ra, u qizchasini aravada olib yugurishni yoz davomida mashq qilgan. Musobaqada esa Bleyk otasini qo‘llab-quvvatlagan va tomoshabinlarning olqishlaridan xursand bo‘lgan.

Eng muhimi, Bibelxauzen uchun bu shunchaki tezlik sinovi emas. U musobaqani qizchasi bilan birga o‘tkazilgan qimmatli vaqt sifatida baholagan.
Agar Ginnes rekordlar kitobi natijani rasman tasdiqlasa, Stiven Bibelxauzen aravachada farzandini yetaklagan holda bir milni eng tez bosib o‘tgan insonga aylanadi.






























Izohlar 0
…