Ispaniyada 20 mingdan ortiq odam pomidor jangini uyushtirdi

Ispaniyada 20 mingdan ortiq odam pomidor jangini uyushtirdi

Ispaniyaning Bunol shahrida dunyodagi eng mashhur va g‘ayrioddiy festivallardan biri — La Tomatina bo‘lib o‘tdi. An’anaviy pomidor jangida 20 mingdan ortiq kishi ishtirok etdi.

26 avgust kuni o‘tkazilgan 79-La Tomatina festivali davomida ishtirokchilarga 165 tonnagacha pishib ketgan pomidor otildi. Ispaniya manbalarida esa festival uchun 150 ming kilogramm pomidor tayyorlangani qayd etilgan.

Bir soatdan sal ko‘proq davom etgan tomosha natijasida Bunol ko‘chalari qizil tusga kirdi. Pomidor ortilgan yuk mashinalari shahar markazidan harakatlanib, ishtirokchilarga mahsulot tarqatgan. Festival yakunlanganidan keyin ko‘chalar maxsus texnikalar yordamida yuvib tozalangan.

La Tomatina festivalida odamlar yuk mashinasi yonida bir-biriga pomidor otmoqda.

La Tomatinaning tarixi 1945 yilga borib taqaladi. O‘sha yili shahardagi sayil paytida yoshlar o‘rtasida janjal kelib chiqqan va ular bir-biriga pomidor ota boshlagan. Keyinchalik bu voqea an’anaga aylangan. Festival Fransisko Franko davrida bir muddat taqiqlangan, ammo 1980 yillarda qayta tiklanib, xalqaro miqyosda mashhur tadbirga aylangan.

Odamlar ko‘chada bir-biriga pomidor otib, La Tomatina festivalini nishonlamoqda.

Festival har yili avgust oyining so‘nggi chorshanba kuni Bunol shahrida o‘tkaziladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar