O‘zbekistonda ilk bor bemorga bir vaqtning o‘zida ikki organ ko‘chirildi

O‘zbekistonda ilk bor bemorga bir vaqtning o‘zida ikki organ ko‘chirildi

O‘zbekistonda tibbiyot sohasida muhim tarixiy natija qayd etildi. Mamlakatda ilk bor bitta bemorga bir vaqtning o‘zida jigar va buyrak transplantatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturida xabar berildi.

Murakkab jarrohlik amaliyoti Milliy tibbiyot markazida o‘tkazildi. Operatsiya jigar sirrozi hamda surunkali buyrak yetishmovchiligining terminal bosqichidan aziyat chekkan, to‘rt yil davomida gemodializ muolajasini olgan bemorda bajarildi.

Samarqand viloyati Paxtachi tumanida yashovchi ayol sakkiz yildan buyon jigar kasalligi bilan kurashib kelgan. Keyinchalik uning buyraklari ham o‘z faoliyatini yo‘qotgani sababli bemor to‘rt yil davomida muntazam ravishda gemodializ olishga majbur bo‘lgan.

Bemorda gepatit C kasalligi oqibatida jigar sirrozi ham rivojlangan. Ilgariroq unga jarrohlik amaliyotini xorijda, xususan, Hindistonda o‘tkazish tavsiya etilgan. Biroq donor topish va davolanish xarajatlarini qoplash uchun yetarli mablag‘ topish imkoni bo‘lmagan.

Shifokorlarning ta’kidlashicha, bunday murakkab holatda faqat jigar yoki faqat buyrakni ko‘chirib o‘tkazish kutilgan natijani bermasligi mumkin. Shu bois har ikki organni bir vaqtning o‘zida transplantatsiya qilish bemor hayotini saqlab qolish imkonini beruvchi eng maqbul yechim sifatida ko‘rilgan.

Shundan so‘ng Milliy tibbiyot markazida bemorga yuqori texnologiyali murakkab operatsiya o‘tkazilib, bir vaqtning o‘zida ham jigar, ham buyrak ko‘chirib o‘tkazildi. Mutaxassislar bunday murakkab amaliyotlar odatda transplantologiya sohasi yuqori darajada rivojlangan davlatlarda amalga oshirilishini ta’kidlagan.

Shifokorlar mazkur operatsiya O‘zbekiston tibbiyoti uchun muhim qadam ekanini qayd etdi. Ushbu tajriba og‘ir jigar va buyrak yetishmovchiligi bilan yashayotgan bemorlarga yuqori texnologiyali transplantatsiya yordamini ko‘rsatish imkoniyatlarini yanada kengaytirishi kutilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar