Yillar davomida tanish bo‘lgan it 20 yoshli qizga hujum qildi

Shotlandiyalik 20 yoshli Samanta Redding bir necha yildan beri tanish bo‘lgan itning kutilmaganda hujumiga uchrab, og‘ir jarohatlar oldi. Endi yosh ayol bir necha yil davomida jarrohlik amaliyotlaridan o‘tishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. U esa davolanishlardan so‘ng yana avvalgidek ko‘rinishga umid qilmoqda.
Samanta Folkerk shahrida yashaydi. U hujum qilgan ispan mastifi va ayiqbosh akitasi aralashmasidan bo‘lgan ulkan itni kichikligidan beri bilgan. It do‘stining otasiga tegishli bo‘lib, Samanta uni avval hech qachon tajovuzkor holatda ko‘rmagan.
Yanvar oyida Samanta do‘stini olib ketish uchun uning otasi xonadoniga borgan. Biroq u yerda atigi o‘n daqiqa bo‘lganidan so‘ng, kutilmaganda it uning yuziga tashlangan.
Samanta voqeaning ko‘p qismini eslay olmasligini aytdi. Uning xotirasida itning o‘zi tomon kelayotgani, hurishi va keyin kuchli og‘riq paydo bo‘lgani qolgan.
«Men do‘stimning otasi uyiga uni olib ketish uchun borgandim, ammo u allaqachon meni uyimda kutish uchun chiqib ketgan ekan. Uyda taxminan 10 daqiqa bo‘ldim va ketishga tayyorlanayotgandim. Sumkamni olish uchun egilganimda, it birdan yuzimga tashlandi», — dedi Samanta.
«O‘sha paytda nima bo‘lganini deyarli eslay olmayman. Faqat itning hurganini, keyin esa juda qattiq og‘riqni his qilganim yodimda. Atrofdagilarning baqirayotganini eshitganman. It mendan qanday ajralganini ham eslay olmayman», — dedi u.
Samanta voqeadan keyin yuzini qo‘llari bilan berkitgan holda uydan chiqib ketgan va shifoxonaga olib borilgan. U mashinada ota-onasiga qo‘ng‘iroq qilganida, ular dastlab qizining jiddiy gapirayotganiga ishonishmagan.
«Telefonda onam va otamga qo‘ng‘iroq qildim. Ular hazil qilayapman, deb o‘ylashdi. Keyin videoqo‘ng‘iroq qildim va ular “tez yordam bo‘limida uchrashamiz”, deyishdi. O‘sha paytda og‘riqni unchalik sezmayotgandim, ehtimol, bu shok ta’siri bo‘lgan», — dedi Samanta.
Onasi uni shifoxonada ko‘rganida yig‘lab yuborgan. Ana shunda Samanta jarohatlari qanchalik jiddiy ekanini anglagan.
Shifokorlar unga rekonstruktiv jarrohlikni boshlashdan oldin kamida uch-to‘rtta operatsiya o‘tkazilishi zarurligini aytgan. Dastlab u tomir orqali antibiotiklar qabul qilgan.

Keyingi amaliyotlarda uning qo‘lidan teri olinib, yuzidagi shikastlangan joyni tiklash uchun foydalanilgan. Qo‘lidagi joyni yopish uchun esa oyog‘idan teri olingan. Yuzga ko‘chirilgan teri qismiga qon yetib borishini ta’minlash maqsadida qo‘lidan tomirlar ham olingan.
Qariyb 10 soat davom etishi rejalashtirilgan operatsiya sababli Samantaga traxeotomiya qilingan va u keyin intensiv terapiya bo‘limida kuzatilgan.
Samanta shifoxonada besh hafta qolgan va hozirgacha to‘rtta operatsiyani boshdan kechirgan. Navbatdagi amaliyotidan keyin yana kamida ikkita operatsiya talab qilinishi mumkin. Teri ko‘chirilgan joydagi qon aylanishini himoya qilish uchun amaliyotlar taxminan sakkiz haftalik oraliqda o‘tkazilmoqda.
Hujum natijasida uning yuzi va bo‘ynida keng chandiqlar qolgan. Qo‘li va oyog‘idagi teri olingan joylarda ham izlar paydo bo‘lgan. Traxeotomiya tufayli tomog‘ida ham chandiq qolgan. Asablar zararlangani sababli milklari va tishlarida ham muammolar yuzaga kelgan.
Navbatdagi operatsiyada shifokorlar uning labini qayta shakllantirish va ortiqcha to‘qimalarni kamaytirishni rejalashtirmoqda.
Biroq hodisa Samantaning nafaqat tashqi ko‘rinishiga, balki butun hayotiga ta’sir qilgan.
«O‘sha o‘n daqiqa butun hayotimga ta’sir qildi. Kichik ukalarimni besh hafta davomida ko‘rmadim, chunki ularni qo‘rqitib qo‘yishdan xavotirlandim. Oilam menga juda katta yordam berdi, ammo ularning ham qo‘rqqanini sezardim», — dedi u.
Samanta ishlaydigan Tesco kompaniyasi ham uni qo‘llab-quvvatlagan. Unga bir yillik mehnat ta’tili berilgan va ish joyi saqlanib qolishi kafolatlangan.

«Menimcha, eng qiyin qismi — barcha operatsiyalardan o‘tish. Men asta-sekin o‘z ko‘rinishimga ko‘nikib, o‘zimga bo‘lgan ishonchimni tiklay boshlayman. Keyin navbatdagi operatsiya bo‘ladi va hammasi yana o‘zgaradi», — dedi Samanta.
Hozirda u hujumdan keyin paydo bo‘lgan xavotir va posttravmatik stress sabab muntazam psixologik terapiya olyapti. Ba’zan voqea bilan bog‘liq xotiralar yana xayoliga keladi.
«Men oynaga qaraganimda o‘zimni yoqtirmay qolaman. Hozircha barcha jarohatlar tikilgan va ko‘chirilgan teri yaxshi bityapti. Lekin hali labim to‘liq tiklangani yo‘q», — dedi u.
Shunga qaramay, Samanta davolanish jarayoniga ishonishga harakat qilmoqda.
«Ba’zida hech narsa o‘zgarmayotgandek tuyuladi. Ammo yanvar oyidan hozirgacha bo‘lgan farqni ko‘ra olyapman. Men yana odatdagidek ko‘rinishni istayman. Shifokorlar va mutaxassislar menga yana o‘zimni o‘zimdek his qilishimga yordam beradi, deb umid qilaman», — dedi u.
Hozirda hujum qilgan it Dandi shahridagi maxsus pitomnikda politsiya nazoratida saqlanmoqda.
Samanta esa keyingi davolanishlari va hujumdan qolgan chandiqlarni davolash uchun mablag‘ yig‘moqda.






























Izohlar 0
…