Germaniya energetikasida bir kunda 2 ta yirik diversiya: Elektr stansiyalari to‘xtatildi

Germaniya energetikasida bir kunda 2 ta yirik diversiya: Elektr stansiyalari to‘xtatildi

Germaniya energetika xavfsizligi tizimi bir vaqtning o‘zida mamlakatning qarama-qarshi hududlarida sodir etilgan ikkita maqsadli qo‘poruvchilik oqibatida jiddiy zarbaga uchradi. Noma’lum shaxslar tomonidan amalga oshirilgan harakatlar ikkita yirik ko‘mir elektr stansiyasining to‘xtab qolishiga sabab bo‘ldi. Oqibatda mamlakatda qisqa muddatli, ammo keskin elektr energiyasi taqchilligi yuzaga kelib, disbalans narxi bir MVt-soat uchun birdaniga 5 ming yevrogacha ko‘tarilib ketdi.

Reynland va Sharqiy Germaniyadagi hujumlar: Korxonalar qanday to‘xtatildi?

Bloomberg bergan ma’lumotlarga ko‘ra, hodisalar puxta rejalashtirilgan qo‘poruvchilik ko‘rinishiga ega:

  • G‘arbdagi sabotaj: Eng yirik hodisa Germaniyaning sanoat markazi hisoblangan Reynland hududida yuz berdi. Noma’lum shaxslar havo elektr uzatish liniyasiga qasddan kabellar uloqtirib, qisqa tutashuv keltirib chiqargan. Natijada RWE kompaniyasiga qarashli, umumiy quvvati 4,2 GVt bo‘lgan ko‘mir elektr stansiyasining beshta energobloki avtomatik tarzda tarmoqdan uzilgan. Shimoliy Reyn — Vestfaliya ichki ishlar vaziri Gerbert Royl holatni keskin qoralab: «Bu qasddan qilingan. Bunday qadamga qo‘l urgan kimsa to‘g‘ridan to‘g‘ri davlatimizga hujum qilmoqda», deya bayonot berdi.

  • Sharqdagi portlashlar: Xuddi shu kuni ertalab Sharqiy Germaniyada noma’lum shaxslar qo‘lbola portlovchi snaryadlar yordamida bir nechta yuqori voltli liniyalarga shikast yetkazgan. Buning oqibatida Yenshvalde shahridagi LEAG ko‘mir elektr stansiyasi faoliyati vaqtincha izdan chiqdi.

Germaniya huquq-tartibot idoralari mazkur ikki voqea o‘rtasidagi aloqalarni o‘rganmoqda. Hozirda tergov tashqi davlatlar sabotaji, radikal so‘l ekstremistik tashkilotlar faoliyati hamda terrorizm versiyalarini ko‘rib chiqmoqda.

Berlin ayblovlari va Putinning javobi: «Ichki inqiroz niqobi»

Berlin rasmiylari hozircha to‘g‘ridan to‘g‘ri ayblovlar qo‘yishdan tiyilmoqda, biroq avvalroq Leypsig aeroportida qurol ortilgan yuk samolyotlari yaqinida dronlar aniqlanganda dalillarsiz Moskvani ayblagan edi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Bishkekdagi matbuot anjumanida Germaniyadagi energetik favqulodda holatlar va antirossiya ayblovlariga munosabat bildirdi:

«Germaniya rasmiylarining bunday harakatlari, avvalambor, mamlakat ichki siyosiy vaziyati bilan bog‘liq deb o‘ylayman. Kanslerning siyosiy mavqeyi juda murakkab, u o‘z fuqarolari ishonchini yo‘qotgan. Sababi u milliy manfaatlarni himoya qilish o‘rniga ularni savdoga qo‘ymoqda: iqtisodiyotda yaqqol xatolar bor, korxonalar yopilyapti, ish o‘rinlari qisqarmoqda, turmush darajasi pasaymoqda. Bu muammolarni oqlash uchun faqat «tajovuzkor Rossiya»ga qarshi kurash niqobi kerak bo‘lib qolgan».

Putin, shuningdek, o‘z vaqtida «Shimoliy oqim» quvurlari portlatilishida ham Rossiya ayblanganini eslatib, Yevropaga gaz sotishdan manfaatdor tomon o‘z infratuzilmasini portlatmasligi mantiqan ravshan ekanini qo‘shimcha qildi.

Yevropaning eng yirik iqtisodiyoti hisoblangan Germaniyada kritik infratuzilmaga qarshi bu kabi diversiyalar mamlakat sanoati va energiya xavfsizligi qanchalik zaiflashib qolganini ko‘rsatmoqda.

Sizningcha, Germaniya energotizimidagi bu qo‘poruvchilik harakatlari ortida qaysi kuchlar turibdi: tashqi geosiyosiy raqiblarmi yoki mamlakatning ichki yashil energetika siyosatidan norozi ekstremistik guruhlar? Mulohazalaringizni izohlarda qoldiring!

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar