Indoneziyada hukumat tarqatgan bepul ovqatdan 800 ga yaqin kishi zaharlandi

Indoneziyada hukumat tarqatgan bepul ovqatdan 800 ga yaqin kishi zaharlandi

Indoneziyada hukumatning bepul ovqat dasturi doirasida tarqatilgan taomlarni iste’mol qilgan qariyb 800 kishi zaharlangani aytilmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Janubiy Yavadagi Sidoarjo hududida 512 nafar o‘quvchi, Nganjuk shahrida 49 nafar kishi va G‘arbiy Sumatraning Agam hududida 237 nafar odam ovqatdan zaharlangan. Shu tariqa, so‘nggi holatlarda jabrlanganlar soni jami 798 nafarni tashkil etgan.

Parlament komissiyasi a’zosi Charlz Xonoris bu holatlarni alohida hodisalar sifatida baholab bo‘lmasligini aytdi. Uning fikricha, yuzaga kelayotgan muammolar tizimdagi kamchiliklar bilan bog‘liq.

Dasturni nazorat qiluvchi Milliy oziqlanish agentligi deputatning bayonotiga hozircha munosabat bildirmagan. Sidoarjodagi zaharlanish bilan bog‘liq deb gumon qilinayotgan oshxona esa 30 kunga faoliyatidan chetlatilgan. Hozirda holat yuzasidan tekshiruv olib borilmoqda.

Nodavlat Network for Education Watch tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 8 avgust holatiga hukumatning bepul ovqat dasturi bilan bog‘liq ommaviy zaharlanish holatlaridan taxminan 37 600 kishi jabrlangan.

Rasmiylar ovqatdan zaharlanish holatlariga ko‘pincha taomlarning talab darajasida saqlanmasligi va tayyor ovqatlarni yetkazib berishdagi kechikishlar sabab bo‘layotganini bildirgan.

Indoneziya prezidenti Prabovo Subianto tomonidan 2025 yilda yo‘lga qo‘yilgan dastur mamlakatdagi o‘nlab million bolalarni bepul ovqat bilan ta’minlash va bolalar o‘rtasidagi to‘yib ovqatlanmaslik muammosini kamaytirishga qaratilgan. Biroq dastur ommaviy zaharlanishlar, korrupsiya bo‘yicha da’volar va katta xarajatlar bilan bog‘liq tanqidlarga ham duch kelmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar