Endi o‘zbekistonliklar Tailand vizasi uchun Moskvaga boradi

Endi o‘zbekistonliklar Tailand vizasi uchun Moskvaga boradi

Tailand 15 sentyabrdan O‘zbekiston fuqarolari uchun ham amalda bo‘lgan 60 kunlik vizasiz rejimni bekor qiladi. Shu sanadan boshlab mamlakatga sayyohlik maqsadida boradigan o‘zbekistonliklar vizani oldindan rasmiylashtirishi kerak bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasining Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lumotiga ko‘ra, Tailandga kirish uchun fuqarolar mamlakatning rasmiy elektron viza tizimi orqali ariza topshirishi lozim.

Biroq viza jarayonining muhim qismi — to‘lovni amalga oshirish uchun Moskvaga borishga to‘g‘ri keladi. Tailandning Moskvadagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari elektron viza arizasini onlayn topshirgach, tasdiqlovchi hujjatdagi ko‘rsatmalar asosida viza to‘lovini naqd AQSH dollarida elchixonada amalga oshiradi. Hozircha viza to‘lovini onlayn qilish imkoniyati mavjud emas.

Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, to‘lov ariza topshirilgandan keyin olingan tasdiqlovchi hujjat va QR-kod asosida amalga oshiriladi. To‘lovni hujjat olinganidan keyin 14 kun ichida, dushanbadan jumagacha soat 09:30–12:30 oralig‘ida amalga oshirish mumkin.

Viza rasmiylashtirilgach, uning natijasi elektron pochta orqali yuboriladi. Tailand elchixonasi sayohat sanasidan taxminan bir oy oldin viza uchun murojaat qilishni tavsiya qilmoqda.

Shu tariqa, 15 sentyabrdan Tailandga boradigan o‘zbekistonliklar uchun yangi tartib amal qiladi: elektron viza arizasi onlayn topshiriladi, biroq uning to‘lovini amalga oshirish uchun Moskvadagi Tailand elchixonasiga shaxsan borish talab etiladi.

Shuningdek, 15 sentyabrdan O‘zbekiston fuqarolari uchun Visa on Arrival — mamlakatga kelganda viza olish imkoniyati ham bekor qilinadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar