Dunyodagi eng keksa 109 yoshli sartaroshning siri oshkor bo‘ldi

“Dunyodagi eng keksa faol sartarosh” sifatida tanilgan yapon ayoli Shitsuy Xakoishi 1 sentyabr kuni 109 yosh va 295 kunligida vafot etdi.
1916 yil 10 noyabrda Tochigi prefekturasida tug‘ilgan Xakoishi olti yoshli paytida, 1923 yilgi Buyuk Kanto zilzilasidan omon qolgan. 14 yoshida sartaroshlikni o‘rganish uchun Tokioga ko‘chib borib, 1936 yilda litsenziya olgan.
1939 yilda Jiro Xakoishiga turmushga chiqqan va er-xotin Sindzyukuda sartaroshxona ochgan. Ularning ikki farzandi bo‘lgan. Biroq Ikkinchi jahon urushi oila hayotini o‘zgartirgan.
1944 yilda uning eri armiyaga chaqirilib, Manchjuriyaga yuborilgan. Jiro Xakoishi 1945 yil 19 avgustda hozirgi Xitoyning Szilin provinsiyasidagi Tigers-Xedda vafot etgan. Xakoishi erining o‘limi haqida rasmiy xabarni esa faqat 1953 yilda olgan.
Uning Tokiodagi sartaroshxonasi 1945 yil 10 martdagi havo hujumida vayron bo‘lgan. Shundan keyin Xakoishi Tochigiga qaytib, farzandlarini tarbiyalagan va sartaroshlik faoliyatini davom ettirgan.
1953 yilda o‘z sartaroshxonasini ochgan Xakoishi 70 yildan ortiq vaqt mehnat qildi. 2024 yil yanvarda LongeviQuest uni dunyodagi eng keksa faol sartarosh deb tan oldi. 2025 yil mart oyida esa Guinness World Records uni 108 yoshida dunyodagi eng keksa ayol sartarosh sifatida e’tirof etdi.
104 yoshida, 2021 yilda, Xakoishi Tokioda o‘tkazilgan Olimpiada mash’alasi estafetasida qatnashib, taxminan 200 metr masofaga yugurgan.
Uzoq umrning oddiy siri

Uzoq umr ko‘rish sirini so‘rashganda, Xakoishi:
“Kek saqlamang va halol yashang”, — deb javob bergan.
U insonlarga boshqalardan qo‘rqmaslik, hasad qilmaslik va janjallashmaslikni ham tavsiya qilgan. Shuningdek, oyoqlar va belning pastki qismini baquvvat saqlash uchun har kuni jismoniy mashq qilish muhimligini ta’kidlagan.
Tochigi gubernatori Tomikadzu Fukuda Xakoishi o‘zining “kuchli hayot tarzi” orqali ko‘plab insonlarga jasorat va umid berganini ta’kidlab, unga ehtirom bildirdi.






























Izohlar 0
…