Uyida o‘lik holda topilgan aktyorning sevgilisi ko‘rsatmasini o‘zgartirdi

Turkiyaning taniqli aktyori Serhat Qilich 5 sentyabr kuni Istanbulning Kag‘itxona tumanidagi uyida o‘lik holda topildi. Uning 8 yildan beri birga yashab kelgan sevgilisi O‘zlem Esmergul politsiya va prokuraturaga bergan ko‘rsatmalarida aktyorning giyohvand moddalar va alkogol iste’moli haqida turlicha ma’lumot bergan. Bu haqda Demirören Haber Ajansı va Habertürk xabar berdi.
Qayd etilishicha, Esmergul dastlab politsiyaga bergan bayonotida Serhat Qilichda giyohvand moddalar yoki alkogolga qaramlik bo‘lmaganini aytgan. Biroq prokuraturadagi ko‘rsatmasida u aktyor giyohvand moddalar va alkogol iste’mol qilganini bildirgan.
“Uni taniganimdan beri giyohvand moddalar va alkogol iste’mol qilganini bilaman. Bilishimcha, so‘nggi olti oy davomida kokain ham iste’mol qilgan. Uning dushmanlari yo‘q edi”, degan Esmergul.
Esmergulning aytishicha, u Qilichni sakkiz yildan beri tanigan. U aktyor bilan oxirgi marta voqeadan ikki kun oldin, 3 sentyabr kuni telefon orqali gaplashgan. Suhbat davomida Qilich sog‘lig‘i juda yomonlashgani, shu sababli suratga olish maydoniga bora olmayotgani va serialdan chetlatilgani haqida gapirgan.
Aktyor shuningdek, sog‘lig‘i sababli Esmergul hamda suratga olish maydonidagi ayrim hamkasblari bilan tortishib qolganini bildirgan. Shundan so‘ng u telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermay qo‘ygan. Esmergul esa Qilich ranjigan insonlari bilan ba’zan 5-6 kun gaplashmay yurishini bilgani uchun dastlab bundan jiddiy shubhalanmaganini aytgan.
Esmergulning so‘zlariga ko‘ra, u 5 sentyabr kuni aktyorning oldiga borishga qaror qilgan. Xonadonga zaxira kalit yordamida kirganida pol ustida singan tarelka bo‘laklarini ko‘rgan. Uy ichkarisi juda sovuq bo‘lgan va konditsioner ishlab turgan.

U Qilichga qo‘l tekkizganida aktyorning tanasi qotib qolganini sezgan. Shundan so‘ng uning vafot etganini anglab, politsiyaga xabar bergan. Voqea joyiga huquq-tartibot idoralari va tibbiyot xodimlari yetib kelib, aktyorning vafot etganini tasdiqlagan.
Esmergul, shuningdek, Qilich so‘nggi vaqtlarda Istanbuldagi xususiy shifoxonalardan birida bo‘yin churrasi sabab davolanganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, aktyor aynan shu sog‘liq muammosi tufayli suratga olish maydoniga bora olmagan va bo‘yinbog‘ taqib yurgan.
Tergov doirasida hodisa joyini ko‘zdan kechirish bo‘yicha tayyorlangan bayonnoma ham jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan. Unda Qilich yashagan majmua kirish qismida qo‘riqchi va kuzatuv kameralari mavjudligi, binoga kirish-chiqish nazorat qilinishi qayd etilgan.
Shuningdek, xonadonning temir eshigida buzib kirilganlik alomatlari aniqlanmagan. Yo‘lak va mehmonxonaga kirish qismida bir xil rang va naqshdagi tarelka bo‘laklari topilgan.

Hodisa joyidan gumon qilinayotgan moddalar ham aniqlangan. Mehmonxonadagi metall quti ichidan giyohvand modda bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingan yashil rangli o‘simliksimon modda va sigaret o‘rash uchun ishlatiladigan qog‘oz topilgan.
Bundan tashqari, kitob javoni oldidagi matoli chemodan ichidan ham qora qisqichli paketda yashil rangli o‘simliksimon modda aniqlangan. Chemodandan uch dona 200 turk lirasidan iborat banknota ham topilgan bo‘lib, ular naycha shaklida o‘ralgani va giyohvand moddalarni iste’mol qilishda foydalanilgan bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan.
Serhat Qilichning o‘limi yuzasidan tergov davom etmoqda. Aktyorning o‘limining aniq sababi bo‘yicha yakuniy xulosa hozircha e’lon qilinmagan.






























Izohlar 0
…