Mog‘or va kemiruvchilardan qutulmoqchi bo‘lgan ikki nafar rossiyalik ayol halok bo‘ldi

Mog‘or va kemiruvchilardan qutulmoqchi bo‘lgan ikki nafar rossiyalik ayol halok bo‘ldi

Rossiyaning Oltoy o‘lkasidagi Mixaylovskoye qishlog‘ida mog‘or va kemiruvchilarga qarshi kurashayotgan ikki nafar pensioner ayol halok bo‘ldi. Ular kartoshkalarni yig‘ishtirish va yerto‘lani mog‘or hamda kemiruvchilardan tozalash maqsadida yerto‘laga tushgan. Bu haqda Zakon.kz xabar berdi.

Fojia 6 sentyabr kuni kechqurun sodir bo‘lgan. Ayollar yerto‘lani mog‘or va kemiruvchilardan tozalash uchun chelakda qog‘oz yoqa boshlagan. Oradan biroz vaqt o‘tib, ikkalasining ham mazasi yomonlashgan va ular yerto‘ladan mustaqil ravishda chiqa olmay qolgan.

Pensionerlardan biri tanishiga telefon qilib, yordam so‘rashga ulgurgan. Erkak garaj oldiga yetib kelganida ayollarni hushsiz holda topgan. Biroq ularni yerto‘ladan o‘zi yuqoriga olib chiqishga kuchi yetmagan.

Shundan so‘ng voqea joyiga qutqaruvchilar va tez tibbiy yordam brigadasi chaqirilgan. «112» Telegram kanali yozishicha, ayollardan biri tibbiyot xodimlari yetib kelgunga qadar vafot etgan. Ikkinchi ayolni shifokorlar jonlantirishga uringan, biroq uning hayotini ham saqlab qolishning iloji bo‘lmagan.

Hozirda fojia yuzasidan barcha holatlar aniqlanmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar