436 kilolik pokistonlik erkak qanday yashaydi?

436 kilolik pokistonlik erkak qanday yashaydi?

Pokistonning Mardan shahrida tashqi ko‘rinishi va ulkan jussasi bilan ko‘pchilik e’tiborini tortayotgan Arbob Xizr Hayot yashaydi. Internetda u Xon Bobo taxallusi bilan mashhur. 34 yoshli erkakning bo‘yi 190 santimetr, vazni esa 436 kiloga yetadi. U o‘z gavdasidan uyalmasligini, aksincha, faxrlanishini va o‘zini dunyodagi eng kuchli inson deb hisoblashini aytadi.

Nima uchun Xon Bobo o‘zini pahlavon deb biladi?

Ijtimoiy tarmoqlarda Xon Boboning traktorni bir qo‘li bilan tortayotgani aks etgan videolar tarqalgan. Uning o‘zi buni yengil chigalyozdi mashqi deb hisoblaydi.

Pokistonlik erkak jurnalistlarga bergan intervyusida 2012 yilda Yaponiyada o‘tgan og‘ir atletika musobaqasida qatnashganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha yerda 5000 kilogramm toshni ko‘targan. Xon Bobo hatto Halk ham buncha og‘irlikni ko‘tara olmagan bo‘lardi, deb ta’kidlagan.

436 kilogramm vazn qanday paydo bo‘lgan?

Xon Bobo 18 yoshgacha oddiy yigitdek ko‘ringan. Keyin uning vazni keskin oshib bora boshlagan. Shifokorlarga murojaat qilish o‘rniga u yanada kattaroq bo‘lishga qaror qilgan va kuchaytirilgan ovqatlanish tartibiga o‘tgan.

Hozir uning kunlik ratsionidagi kaloriyalar miqdori 10 mingdan oshadi. Nonushta vaqtida u bir o‘tirishda 36 ta tuxum, 4 ta tovuq va 3 kilogramm qizil go‘sht iste’mol qiladi. Bularning barchasini 5 litr sut bilan ichib yuboradi.

Bo‘ynida medallari bo‘lgan, qora kiyimdagi juda yirik jussali erkak o‘tiribdi.

Erkakning aytishicha, ortiqcha vazn unga katta noqulaylik tug‘dirmaydi. Asosiy muammo transportda: u oddiy mashinaga sig‘maydi. Shu bois Xon Bobo ulkan yo‘ltanlamas avtomobil sotib olgan.

U Mardan shahrida mashhur shaxsga aylangan. O‘tkinchilar u bilan suratga tushishni so‘rashadi, mahalliy telekanallar esa uni muntazam suhbatga taklif qiladi.

U ringga chiqmoqchi

Xon Bobo kelajagini sport bilan bog‘laydi. U ringga chiqib, kurashchi bo‘lishni va restling musobaqalarida g‘alaba qozonishni rejalashtirmoqda. Uning ishonchicha, ulkan jussasi va kuchi unga muvaffaqiyat qozonishda yordam beradi.

Biroq uning kuchiga hamma ham ishonavermaydi. Mutaxassislar Xon Bobo ishtirokidagi videolarni o‘rganib, uning kiyinishiga e’tibor qaratgan. U doim keng, xalatga o‘xshash kiyim kiyib yuradi. Ayrim kadrlarda ko‘krak va yelkalarida maxsus qoplamalar borligi ko‘rinadi. Ular gavdaning yuqori qismini kattaroq ko‘rsatishi va qorinni yashirishi mumkin. Shu sababli uning haqiqiy gavda o‘lchamlari aniq emas.

Xon Boboning 5 tonna yuk ko‘targani haqidagi rekordi ham mutaxassislar tomonidan shubha ostiga olingan. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari esa unga avval sog‘lig‘iga e’tibor berish, keyin ringda o‘z kuchini sinab ko‘rishni maslahat qilmoqda.

Xon Bobo bilan bog‘liq holatdan tashqari, Indoneziyada ham ortiqcha vazn bilan bog‘liq boshqa bir voqea kuzatilgan. U yerda 10 yoshli bolaning vazni 192 kilogrammni tashkil etadi. Bola uchun bu vazn g‘urur emas, balki salomatligi bilan bog‘liq jiddiy muammoga aylangan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar