Ikki haftalik ho‘tikcha yo‘qoldi va ertasi kuni dahshatli holda topildi

Ikki haftalik ho‘tikcha yo‘qoldi va ertasi kuni dahshatli holda topildi

Niderlandiyada ikki haftalik miniatyura eshakcha yo‘qolib, bir kun o‘tib o‘zi g‘oyib bo‘lgan joyda otib o‘ldirilgan holda topildi. Kamyob qizg‘ish tusli ho‘tikcha Pleuntje dushanba, 7 sentyabr kuni kechqurun eshaklar panohgohida g‘oyib bo‘lgan.

Olti kishi kichik hayvonni bir necha soat davomida qidirgan. Ular tungi soat 01:30 gacha izlash ishlarini olib borib, tong otishi bilan yana qidiruvni davom ettirgan. Biroq Pleuntjening qayerdaligi haqida hech qanday iz topilmagan.

Shunga qaramay, seshanba kuni tushdan keyin uning jasadi hayvon yo‘qolgan o‘sha joydan topilgan. Panohgoh xodimlari mazkur hududni o‘nlab marta tekshirgan bo‘lsa-da, avvalroq hech narsa aniqlanmagan.

Pleuntje ko‘krak qismiga o‘q tekkan holda topilgan. Uning bo‘yni, oyoqlari va ko‘zida ham og‘ir jarohatlar bo‘lgan.

Panohgoh egasi Marlxene Muvsning taxminicha, o‘g‘rilar devordan oshib o‘tib, ho‘tikchani ko‘tarib, tayyor turgan transport vositasiga olib ketgan. Keyinchalik uni sotish qiyinligini anglab, jasadini yana o‘sha joyga qaytarib tashlagan bo‘lishi mumkin.

Pleuntjeda mikrochip, pasport yoki emlash hujjatlari bo‘lmagan. Shu bois uni qora bozorda sotish qiyin edi. Holbuki, hujjatlari mavjud miniatyura eshaklarining narxi 13 ming funt sterlinggacha yetishi mumkin.

Pleuntje Niderlandiyaning Baarle-Nassau shahridagi Stichting Het Ezelpaleis panohgohida yashagan. Mazkur maskan qarovsiz qolgan eshaklarni himoya qilish bilan shug‘ullanadi.

Yashil maydonda katta eshak yonida kichik, momiq xotikcha turibdi.

Panohgoh egasi soat taxminan 19:30 da hududni qulflagan. Keyin podani ovqatlantirish uchun qaytib kelganida, Pleuntjening yo‘qolganini payqagan.

Qidiruv ishlari davomida 850 funt sterling miqdorida mukofot ham e’lon qilingan. Ho‘tikchani izlash haqidagi murojaatlar Niderlandiya, Belgiya, Germaniya va Fransiya bo‘ylab tarqatilgan.

Biroq seshanba kuni soat 13:00 atrofida Muvs mehmonlarga panohgohni ko‘rsatayotgan paytda Pleuntjening jasadini ko‘rib qolgan.

«U yonboshida, ko‘krak qismida o‘q tekkan holda yotardi. Biz bu dala ustidan 50 marta o‘tgan edik», degan u.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘q ho‘tikchaning chap son qismidan kirib, ko‘kragining o‘ng tomonidan chiqqan. Shuningdek, uning bo‘yni va oyoqlarida jarohatlar, ko‘zlaridan birida esa og‘ir shikast belgilari aniqlangan.

Muvs Pleuntje o‘ziga xos qizg‘ish tusi sabab ataylab nishonga olingan, deb hisoblaydi. Shu bilan birga, boshqa bir toychoqqa tegilmagan.

«Ular bu ishning ustalari bo‘lgan bo‘lishi kerak. Hali tishlari ham chiqmagan ho‘tikchaga kim bunday ish qiladi?» degan panohgoh egasi.

Panohgohda kuzatuv kameralari mavjud, ammo ularning hech biri o‘tloq hududini to‘liq qamrab olmaydi. Ayni paytda dushanba kuni kechqurun shubhali holatni ko‘rgan yoki biror narsa eshitgan shaxslardan huquq-tartibot idoralariga murojaat qilish so‘ralmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar