Malika Diananing mashhur “qasos ko‘ylagi” auksionga qo‘yiladi

Buyuk Britaniyaning marhum malikasi Diana 1994 yilda shahzoda Charlzning xiyonati oshkor bo‘lgan kuni kiygan mashhur qora libos dekabr oyida Sotheby's auksionida sotuvga chiqariladi. “Qasos ko‘ylagi” nomi bilan tanilgan libosning narxi 110 mingdan 220 ming funt sterlinggacha baholanmoqda. Bu haqda Meduza xabar berdi.
Kristina Stambolyan tomonidan yaratilgan qora, badaniga yopishib turuvchi, yelkasi ochiq va kalta ko‘ylak Diana obrazidagi keskin o‘zgarishlardan biri bo‘lgan. Malika uni Charlz o‘zining xiyonatini televizion intervyuda tan olgan kuni kechqurun kiygan. Shundan so‘ng OAV libosni “qasos ko‘ylagi” deb atay boshlagan.
Ko‘ylak 1997 yildan beri ilk bor auksionga chiqarilmoqda. Savdodan avval u London, Gonkong va Jenevada namoyish etiladi, asosiy auksion esa Nyu-Yorkda o‘tkaziladi.
Sotheby's kompaniyasining moda yo‘nalishi bo‘yicha global rahbari Morgan Xalimi ushbu libos oddiy kiyimdan ko‘ra ko‘proq ma’noga ega ekanini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘ylak moda chegarasidan chiqib, madaniyat tarixining bir qismiga aylangan noyob lahzalardan birini ifodalaydi.
Qizig‘i, Diana dastlab o‘sha oqshom uchun Valentino libosini kiyishni rejalashtirgan. Biroq yakunda Stambolyan yaratgan qora ko‘ylakni tanlagan. Dizayner bu obrazni “Oqqush ko‘li” baletidagi qora oqqush Odil obraziga qiyoslagan.
Diana 1997 yilda ushbu libosni xayriya auksionida o‘zi sotgan va undan 39 098 funt sterling tushgan. O‘sha paytda ko‘ylakni xarid qilgan oila uni qariyb 30 yil davomida saqlab kelgan.
Oradan yillar o‘tganiga qaramay, Diana moda olamida o‘ziga xos timsol bo‘lib qolmoqda. Uning kiyinish uslubi bugungi yosh avlod uchun ham ilhom manbai sifatida baholanadi.






























Izohlar 0
…