Xiaomi 1688 kilometr yuradigan “avtouy” krossoverini taqdim etdi

Xiaomi uzoq safarlar va tabiat qo‘ynida dam olishga mo‘ljallangan noodatiy krossover — SkyNomad N90 Max Explorer Edition'ni taqdim etdi. Avtomobilning tom qismiga elektr yordamida ko‘tariladigan yotoq joyi o‘rnatilgan bo‘lib, u mashina to‘xtaganda o‘ziga xos “ikki qavatli uy”ga aylanadi.
Modelning tom qismi ko‘tarilganda salon balandligi 2,29 metrgacha yetadi. Yuqori qavatda ikki kishiga mo‘ljallangan yotoq joyi, alohida yoritish, konditsioner kanallari va USB-C portlari mavjud. Ikkinchi qatordagi o‘rindiqlar ham yig‘ilib, 1,87 × 1,24 metr o‘lchamdagi qo‘shimcha yotoqqa aylantiriladi.
Explorer Edition besh o‘rinli konfiguratsiyada ishlab chiqarilgan. Unda polni isitish funksiyasi ham mavjud bo‘lib, avtomobil bir vaqtning o‘zida ham transport vositasi, ham dam olish uchun qulay makon sifatida foydalanishga moslashtirilgan.
Krossover 1,5 litrli dvigatel-generator va ikkita elektromotordan tashkil topgan gibrid tizim bilan jihozlangan. Umumiy quvvati 310 kVt, ya’ni qariyb 416 ot kuchiga teng. Explorer Edition'ning umumiy yurish zaxirasi CLTC sikli bo‘yicha 1688 kilometrgacha yetadi.

Xitoyda avtomobilning narxi 299 900 yuan etib belgilangan bo‘lib, bu taxminan 44 ming dollarni tashkil qiladi. Model sentyabr oyida sotuvga chiqarilgan.
Shuni ta’kidlash kerakki, 1688 kilometr — ishlab chiqaruvchi ko‘rsatgan CLTC siklidagi umumiy yurish zaxirasi. Haqiqiy yo‘l sharoitida avtomobil bosib o‘tadigan masofa bundan farq qilishi mumkin.































Izohlar 0
…