Merkuriy kutilganidan tezroq kichraymoqda: olimlar yangi faktni aniqladi

Merkuriy kutilganidan tezroq kichraymoqda: olimlar yangi faktni aniqladi

Merkuriy sayyorasi avvalgi hisob-kitoblarga qaraganda 30 foizga ko‘proq qisqarayotgan bo‘lishi mumkin. Olimlar sayyora diametri 23 kilometrgacha kichrayganini aniqladi. Bu haqdagi tadqiqot “Associated Press”da e’lon qilindi.

Ma’lum qilinishicha, tadqiqot Germaniya Aerokosmik markazining Kosmik tadqiqotlar instituti olimlari tomonidan o‘tkazilgan. Tadqiqot mualliflari Merkuriy yuzasining meteoritlar zarbasi natijasida doimiy ravishda o‘zgarib turishi sayyoraning haqiqiy qisqarish darajasini yashirgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.

Merkuriy Quyosh tizimidagi eng kichik va Quyoshga eng yaqin sayyora hisoblanadi. Uning diametri qariyb 4 ming 900 kilometrni tashkil etadi. Sayyora shakllanganidan beri, ya’ni taxminan 4,5 milliard yil davomida kichrayib kelmoqda.

Qayd etilishicha, bunga Merkuriy ichki qismining sovishi sabab bo‘lmoqda. Sayyoraning nisbatan katta temir yadrosi sovigan sari hajman qisqaradi. Bu esa mantiya va yer po‘stining siqilishiga olib kelib, uning yuzasida turli burishishlar va yoriqlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Olimlar Merkuriydagi geologik xaritalarni sayyora yuzasining yangilangan xaritalari bilan taqqoslagan. Natijada eng notekis hududlarda qisqarish belgilari kamroq ekani aniqlangan. Tadqiqotchilar ayrim burishishlar meteoritlarning urilishi oqibatida hosil bo‘lgan qoldiqlar ostida qolib ketgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Tadqiqot muallifi Gaku Nishiyamaning aytishicha, yangi hisob-kitoblar Merkuriy evolyutsiyasini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.

Ayni paytda Yevropa va Yaponiya tomonidan yuborilgan BepiColombo kosmik apparatlari Merkuriy tomon parvoz qilmoqda. Ular noyabr oyida sayyora orbitasiga kirishi va Merkuriy qisqarishining aniq darajasini o‘rganishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, Merkuriy Quyosh tizimidagi eng kichik sayyora hisoblanadi. U Quyoshni 88 kunda bir marta aylanib chiqadi. Sayyoraning bir kuni esa taxminan 59 Yer kuniga teng. Merkuriyda atmosfera juda yupqa bo‘lgani sababli uning yuzasida kunduzi harorat 430 darajagacha ko‘tarilsa, kechasi minus 180 darajagacha tushishi mumkin.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar