Insoniyat giyohvand moddalarni 25 ming yil avval iste’mol qilganmi?

Insoniyat giyohvand moddalarni 25 ming yil avval iste’mol qilganmi?

Olimlar insonlar ruhiyatga ta’sir qiluvchi moddalarni taxmin qilinganidan ancha oldin iste’mol qila boshlagan bo‘lishi mumkinligini aniqladi. So‘nggi tadqiqotlardan biri Indoneziyadagi ayrim jamoalar bundan 25 ming yil muqaddam betel yong‘og‘idan giyohvand modda sifatida foydalangan bo‘lishi ehtimolini ko‘rsatdi.

Avstraliyaning Griffit universiteti olimlari qadimiy odamlar suyaklarida g‘ayrioddiy izlarni aniqladi. Mutaxassislar mazkur belgilar betel yong‘og‘ini shimish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, degan xulosaga kelgan. Tadqiqotga rahbarlik qilgan professor Adam Brummning ta’kidlashicha, bu dunyo bo‘yicha giyohvand moddalar iste’mol qilinganini ko‘rsatuvchi eng qadimiy dalil bo‘lishi mumkin.

Tishlardagi g‘ayrioddiy izlar

Science Advances jurnalida chop etilgan tadqiqotda Indoneziyaning Sulavesi orolidan topilgan ikki nafar qadimiy ovchi haqida so‘z boradi. Ularning biri taxminan 25–16 ming yil, ikkinchisi esa 7,6–6,3 ming yil avval yashagan.

Ikkala ovchining ham tishlarida yumaloq chuqurcha ko‘rinishidagi noodatiy yemirilish belgilari aniqlangan. Olimlar maxsus tahlillar orqali ushbu izlar betel yong‘og‘ini butunligicha shimish natijasida paydo bo‘lganini aniqlagan.

Betel yong‘og‘i Areka palmasining urug‘i hisoblanadi. Uni iste’mol qilganda inson kayfiyati biroz ko‘tarilishi, ya’ni eyforiya holati yuzaga kelishi va sezgirlik oshishi mumkin.

“G‘arb jamiyatida kam tanilgan bo‘lsa-da, bu modda dunyoda spirtli ichimliklar, kofein va nikotindan keyin eng ko‘p iste’mol qilinadigan to‘rtinchi psixoaktiv moddadir”, dedi Brumm.

Insoniyat giyohvand moddalarni 25 ming yil avval iste’mol qilganmi?

Avvalroq giyohvandlik dehqonchilik paydo bo‘lganidan keyin, ya’ni taxminan 13 ming yil avval spirtli ichimliklar o‘ylab topilishi bilan boshlangan, deb hisoblanar edi. Biroq Brummning ta’kidlashicha, bu nazariyada eng keng tarqalgan psixoaktiv moddalarning ildizi juda qadimiy davrlarga borib taqalishi yetarlicha hisobga olinmagan.

“Bu tadqiqot hozirgi zamonaviy giyohvandlik xulq-atvorining ba’zi turlari qadimiy ovchilar an’analaridan kelib chiqqanini anglatadi”, deya qo‘shimcha qildi olim.

Qadimgi an’ananing bugungi ko‘rinishi

Hozirgi davrda yong‘oq tarkibidagi giyohvand modda betel yong‘og‘i urug‘ini so‘ndirilgan ohak va boshqa masalliqlar bilan aralashtirib chaynash orqali iste’mol qilinadi. Ushbu aralashma Janubiy va Janubi-sharqiy Osiyoda keng ommalashgan bo‘lib, uni yer yuzi aholisining taxminan o‘ndan bir qismi chaynaydi.

Tadqiqotchilar yong‘oqlarni sun’iy so‘lakka bo‘ktirib, maxsus tajriba ham o‘tkazdi. Tajriba natijasida ma’lum bo‘lishicha, butun yong‘oqni shunchaki shimishning o‘zi ham miya faoliyatini o‘zgartirish uchun yetarli miqdorda psixofaol moddalarni ajratib chiqarishi mumkin.

Shu tariqa, yangi tadqiqot insonlarning psixoaktiv moddalardan foydalanish tarixi avval taxmin qilinganidan ham ancha qadimiy bo‘lishi mumkinligi haqida yangi savollarni o‘rtaga qo‘ymoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar