52 yoshli minora qorovulchisi uysizlar uchun 373 kmni 75 soatda bosib o‘tdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- 52 yoshli minora qorovulchisi Barri Grey uysizlar uchun xayriya marafonini o‘tkazib, Temza daryosining 373 km masofasini 75 soatda bosib o‘tdi.
- U bu orqali Only A Pavement Away xayriya tashkiloti uchun 50 ming funt sterlingdan ortiq mablag‘ to‘pladi.
- Barrining bu tashabbusi 2026 yilgi JustGiving Awards mukofotlarida Mind Over Miles nominatsiyasida finalchilar qatoriga kiritildi.
London minorasida xizmat qiluvchi 52 yoshli Barri Grey uysiz insonlarning og‘ir hayotiga e’tibor qaratish maqsadida g‘ayrioddiy xayriya marafonini amalga oshirdi. U Temza daryosining Kotsvoldsdagi manbasidan dengizgacha bo‘lgan 373 kmni masofani atigi 75 soatda bosib o‘tdi.
Sobiq Korollik dengiz piyodasi bo‘lgan Barri 26 yil harbiy xizmat qilgan. U 18 oy avval Yomen qorovulchisi sifatida London minorasida ishlay boshlagan va shu vaqt davomida ko‘chalarda tun o‘tkazayotgan uysiz insonlarni tez-tez ko‘rgan.
“Har bir ko‘prik ostida, har bir yo‘lakda skameykada yotgan uysiz odamni ko‘raman. Bu juda noto‘g‘ri”, — dedi u.
Barrining aytishicha, uysizlik faqat ko‘chada yashayotgan insonlar bilan cheklanmaydi. Doimiy boshpanasi bo‘lmagan, birovning uyida vaqtincha yashab yurgan odamlar ham bu muammoga duch keladi.
U Temza bo‘yida yashagani va chidamlilik mashqlariga qiziqqani uchun marafon g‘oyasi unga tabiiy ravishda kelgan. Tayyorgarlik davrida ovqatlanish, tibbiy yordam va oyoqlarni asrash kabi jihatlarga alohida e’tibor qaratgan. Marafondan ikki hafta oldin esa 80 kmlik yugurishni amalga oshirgan.
Uch kun davomida atigi uch soat uxladi
Barri uch kun va uch tun davomida yugurib, jami atigi uch soat dam olgan. U yo‘lda qisqa vaqtga stulda uxlab, keyin yana harakatni davom ettirgan.
“Shunchalik charchaysizki, hatto tik turgan holda ham uxlab qolishingiz mumkin. Tanam qachon 30 daqiqa ko‘zimni yumishim kerakligini biladi”, — dedi u.
Uning ta’kidlashicha, yo‘nalishning tekis bo‘lishi ham qiyinchilikni oshirgan. Chunki bir xil mushaklar uzoq vaqt davomida ishlagan va bu organizmga qo‘shimcha yuklama bergan.
Marafon natijasida Barri uysizlarga yordam beruvchi Only A Pavement Away xayriya tashkiloti uchun 50 ming funt sterlingdan ortiq mablag‘ to‘pladi. U mazkur tashkilotni qariyb uch yildan beri qo‘llab-quvvatlab kelmoqda va hozir uning sobiq harbiy xizmatchilar bo‘yicha elchisi hisoblanadi.
Tashkilot uysiz insonlarga, jumladan, sobiq harbiylarga mehmonxona va umumiy ovqatlanish sohasida ish topish, mustaqil hayotini qayta tiklash va jamiyatga moslashishda yordam beradi.
Barrining so‘zlariga ko‘ra, marafonni oxirigacha yetkazishda do‘stlari, oilasi va notanish insonlarning qo‘llab-quvvatlashi katta kuch bergan.
Endi uning ushbu g‘ayrioddiy xayriya tashabbusi 2026 yilgi JustGiving Awards mukofotlarida ham e’tirof etildi. Barri Mind Over Miles nominatsiyasida finalchilar qatoriga kiritildi.
“Bu sinov meni jismoniy, ruhiy va hissiy jihatdan hech qachon bo‘lmagan darajada sinadi. Ammo bu ko‘chada tun o‘tkazayotgan insonlar, ayniqsa, bir vaqtlar o‘z mamlakatiga xizmat qilgan sobiq harbiylarning har kungi hayoti oldida hech narsa emas”, — dedi u.
Barri to‘plangan mablag‘ ko‘proq insonlarga hayotini qayta tiklash, mustaqilligini qaytarish va munosib ish topish imkonini berishidan umid qilmoqda.






























Izohlar 0
…