Vulqon otilishi Indoneziyaning asosiy aeroportida parvozlarning to‘xtatilishiga sabab bo‘ldi

Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, yakshanba kuni ertalab aeroport yaqinidagi havo hududida Anak-Krakatau vulqonidan chiqqan kul aniqlangach, 209 ta reys kechiktirilgan yoki parvoz vaqti ortga surilgan.
Yava va Sumatra orollari o‘rtasidagi Sunda bo‘g‘ozida joylashgan vulqon juma kuni kechqurun otilishni boshlagan. Bu jarayon uzluksiz seysmik faollikni keltirib chiqargan va vulqondan lava favvoralari otilib chiqqan. Rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, yakshanba kuni erta tongda yana ikki marta vulqon otilishi kuzatilgan.
Aeroport mahalliy vaqt bilan soat 13:30 gacha vaqtincha faoliyat ko‘rsatmagan. Bu holat jami 22 mingdan ortiq yo‘lovchiga u yoki bu tarzda ta’sir ko‘rsatgan.
Transport vazirligi ma’lum qilishicha, parvozlarning to‘xtatilishi asosan Singapurga va undan amalga oshiriladigan reyslarga ta’sir qilgan. Shuningdek, Doha, Sidney va Kuala-Lumpur kabi yo‘nalishlardagi xalqaro parvozlar ham cheklovlardan zarar ko‘rgan.
Rasmiylar vulqonning so‘nggi faolligi bilan bog‘liq sunami xavfi haqida ogohlantirish berilmaganini tasdiqlagan.
Sog‘liqni saqlash vaziri zarar ko‘rgan hududlar aholisi imkon qadar uyda qolishi va niqoblardan foydalanishi kerakligini tavsiya qilgan.
Mahalliy Kompas gazetasi xabariga ko‘ra, shanba kuni bir nechta maktablarda darslar bekor qilingan. Bunga o‘quvchilar va aholi vulqon kuli sabab ko‘zlari achishayotganidan shikoyat qilgani sabab bo‘lgan. Ayrim baliqchilar ham ko‘zlarida og‘riq paydo bo‘lgani sababli dengizga chiqishni bekor qilgan.
Mahalliy aholidan biri — Aldi Chandra Prayogi nashrga bergan intervyusida juma kuni kechqurundan boshlab ko‘zlariga go‘yoki «mayda qum donalari tushib qolgandek» his qilganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, achishishni kamaytirish uchun ko‘z tomchilaridan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.
Uning ta’kidlashicha, chang shu qadar qalin bo‘lganki, u uyining old hovlisini har besh daqiqada supurishga to‘g‘ri kelgan.
Anak-Krakatau vulqoni nomi «Krakatauning farzandi» degan ma’noni anglatadi. U o‘tgan asr boshlarida 1883 yildagi mashhur Krakatau vulqoni otilishi natijasida hosil bo‘lgan kaldera hududida dengizdan ko‘tarilib chiqqanidan buyon vaqti-vaqti bilan faollashib keladi.
2018 yil dekabr oyida vulqonning bir qismi qulagan va buning oqibatida kuchli sunami yuzaga kelgan. Tabiiy ofat oqibatida 400 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. Sumatra va Yava orollarining yaqin qirg‘oqlarida yashovchi minglab odamlar uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.
Olimlar vulqon qulagan paytda undan uzilib tushgan ayrim tog‘ jinslari bo‘laklari 70–90 metr balandlikka ko‘tarilganini aniqlagan.
Indoneziya Tinch okeanining deyarli butun havzasini o‘rab turgan Tinch okeani «Olov halqasi» hududida joylashgan. Bu mintaqada tez-tez zilzilalar va vulqon otilishlari sodir bo‘lgani sababli vulqon va seysmik faollik juda yuqori.






























Izohlar 0
…