Olimlar 315 ming yil avval yashagan Homo sapiens vakilining yuz qiyofasini tikladi

Olimlar 315 ming yil avval yashagan Homo sapiens vakilining yuz qiyofasini tikladi

Olimlar Marokashdagi Jebel Irxud hududidan topilgan, taxminan 315 ming yil avval yashagan Homo sapiens vakilining yuz qiyofasini raqamli usulda tikladi.

Tadqiqot natijalari 2026 yil sentyabr oyida Heritage jurnalida e’lon qilindi. Mutaxassislar tiklash jarayonida Jebel Irxuddan topilgan bosh suyagi, jag‘ va tish qoldiqlaridan foydalangan.

Olimlar saqlanib qolgan suyak qismlarini 3D modelga birlashtirib, zamonaviy insonning anatomik modeli asosida yuz tuzilishini tiklagan. Bunda mushaklar, yumshoq to‘qimalar va teri qatlamlari ham hisobga olingan.

Tadqiqot doirasida yuz qiyofasining ikki xil ko‘rinishi tayyorlangan. Ulardan biri anatomik xususiyatlarni yaxshiroq ko‘rsatish uchun soch va soqolsiz, kulrang tasvirda yaratilgan. Ikkinchi variantda esa teri rangi, soch va soqol kabi badiiy elementlar qo‘shilgan.

Mutaxassislar ushbu tasvirni 315 ming yil avval yashagan insonning aniq qiyofasi deb qabul qilmaslik kerakligini ta’kidlamoqda. Chunki soch, soqol, teri rangi va ayrim tashqi belgilarni aniqlash uchun qazilma qoldiqlarida yetarli dalillar mavjud emas.

Qadimgi odam qiyofasining turli rakurslardagi raqamli rekonstruksiyasi.

Jebel Irxuddan topilgan qoldiqlar Homo sapiens turining eng qadimgi ma’lum vakillariga tegishli hisoblanadi. Ularning yoshi 2017 yilda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida taxminan 315 ming yil deb baholangan.

Yangi rekonstruksiya olimlarga ilk Homo sapiens vakillarining tashqi ko‘rinishi qanday bo‘lganini yaxshiroq tasavvur qilish imkonini beradi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar