Qarshida erkak xotinini farzandlari ko‘z o‘ngida kaltaklab, mol-mulkini olib ketdi

Qarshi shahrida 37 yoshli erkak uch nafar farzandining ko‘z o‘ngida xotinini kaltaklab, uning pullari va telefonlarini olib ketgan. Sudlanuvchiga 3 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Ma’lum qilinishicha, oiladagi muntazam janjallar sababli ayol uch nafar farzandi bilan eridan alohida yashash uchun ijaraga ko‘chib chiqqan. Unga himoya orderi ham berilgan. Erkak esa avvalroq janjal ko‘targani uchun 7 sutkaga ma’muriy qamoqqa olingan.
2026 yil 1 avgust kuni erkak bolalarini ko‘rish bahonasida uyga kelgan. U xotinining telefonidagi notanish raqamni ko‘rib, rashk qilgan. Ayol ishdan qaytganida aynan shu raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘lgach, erkak uch nafar farzandining ko‘z o‘ngida xotinini kaltaklagan.
Ayol vannaxonaga qochib kirganida, erkak uni videoga olgan va yuziga musht tushirib, hushidan ketkazgan. Shundan so‘ng u hushsiz yotgan ayolni xonaga olib chiqib yotqizgan.
Erkak ayolning sumkasidan 5 million so‘m pulni, shuningdek, «iPhone 13 Pro» va «Samsung A35» telefonlarini olib ketgan. Ushbu mol-mulkning umumiy qiymati 11,7 million so‘mga baholangan.
Qizining «Bu pullar onamga kerak», degan gapiga esa ota: «Bu pullar onangga endi kerak emas», deb javob bergan va pullarni olib chiqib ketgan.
Sud hukmiga ko‘ra, erkakka 3 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, jabrlanuvchi foydasiga 11,7 million so‘m moddiy zarar undirish belgilangan.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…