16 yoshli o‘smir besh yildan beri hovuzda yashab kelmoqda

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Hindistonning G‘arbiy Bengal shtatida yashovchi 16 yoshli Iqbol Shayx noma’lum teri kasalligi sababli besh yil davomida ko‘p vaqtini hovuzda o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda, chunki suv uning og‘riq va achishishini yengillashtiradi.
- Shifokorlar va tabiblar uning holatiga aniq tashxis qo‘ya olmagan va samarali davo topa olmagan.
Hindistonning G‘arbiy Bengal shtatida yashovchi 16 yoshli Iqbol Shayx so‘nggi besh yil davomida vaqtini asosan suvda o‘tkazayotganini aytdi. O‘smirning ta’kidlashicha, bu holatga sabab uni bezovta qilayotgan noma’lum teri kasalligi bo‘lib, suv undagi og‘riq va achishishni biroz yengillashtiradi.
G‘arbiy Bengalning Murshidabod hududidan bo‘lgan Iqbol Shayx xabarlarga ko‘ra, umrining so‘nggi yarim o‘n yilligining katta qismini kichik hovuzda o‘tkazgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, suv uning “kuyib yonayotgan terisi”ni sovitishga va og‘riqni bosishga yordam beradi.
O‘smir va uning oilasi turli shifoxonalarga bir necha bor murojaat qilgan. Shuningdek, ular o‘zini davolovchi deb tanishtirgan tabiblarga ham borishgan. Biroq hozirga qadar mutaxassislar Iqbolning holatiga aniq tashxis qo‘ya olmagan va uning dardiga samarali davo topilmagan.
Besh yil davomida kechayu kunduz hovuzda qolish oddiy inson uchun tasavvur qilish qiyin bo‘lgan holat. Ammo Iqbol va uning yaqinlari ta’kidlashicha, o‘smir suvdan uzoq vaqtga chiqib ketsa, kuchli va toqat qilib bo‘lmas og‘riqni his qiladi. Shu sababli u ko‘p vaqtini suv ichida o‘tkazishga majbur bo‘layotganini aytmoqda.
Iqbol o‘z boshiga tushgan bu noxush holatning sababini g‘ayritabiiy kuchlar bilan ham bog‘laydi. Uning ishonishicha, bu “jin, parilar yoki boshqa g‘ayritabiiy mavjudot”ning ta’siri bo‘lishi mumkin.
Yaqinda 16 yoshli o‘smirning bo‘ynigacha suvga botgan holda turgan aks etgan videolari internetda keng tarqaldi. Kadrlar ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamaga sabab bo‘lib, foydalanuvchilar Iqbolning holati haqida turli fikrlarni bildirishdi.
Jumladan, Reddit platformasidagi bir qator foydalanuvchilar o‘smirdagi alomatlar kam uchraydigan eritromelalgiya deb ataluvchi kasallikka o‘xshashini taxmin qildi.
Eritromelalgiya asosan oyoqlarga ta’sir qiladi, ammo tananing boshqa qismlarida ham kuzatilishi mumkin. Ushbu holatning eng keng tarqalgan belgilari orasida terida kuchli kuyish yoki yonish hissi hamda qizarish bor.
Ayni paytda eritromelalgiyaning aniq sababi to‘liq ma’lum emas. Ayrim mutaxassislar esa uning kelib chiqishi genetik omillar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi. Biroq Iqbolga aynan shu kasallik tashxisi qo‘yilgani hozircha tasdiqlanmagan.
O‘smirning g‘ayrioddiy taqdiri Hindistondagi yirik Ambani biznes imperiyasi vorisi Anant Ambanining ham e’tiborini tortgani xabar qilinmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Anant Ambani 16 yoshli Iqbolni davolatish va uning holatini aniqlash uchun Mumbayga olib borilishini tashkillashtirgan. O‘smir G‘arbiy Bengaldan Mumbayga 1300 mildan ortiq masofaga olib borilgan.
Endi Iqbol Mumbaydagi shifokorlar jamoasi ko‘rigidan o‘tishi kutilmoqda. Mutaxassislar uning noma’lum holatiga aniq tashxis qo‘yish va imkoni bo‘lsa, samarali davolash usulini topishga harakat qiladi.






























Izohlar 0
…