Odamlardan minora: Ispaniyadagi noodatiy musobaqada tarixiy natija qayd etildi

Odamlardan minora: Ispaniyadagi noodatiy musobaqada tarixiy natija qayd etildi

Ispaniyaning Tarragona shahrida odamlar bir-birining yelkasiga chiqib, ulkan minoralar quradigan an’anaviy “castells” musobaqasi o‘tkazildi. 4 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan XXX Tarragona inson minoralari musobaqasida Kataloniyaning 12 ta kuchli jamoasi qatnashdi. Bu haqda Catalan News xabar berdi.

Musobaqada yuzlab ishtirokchilar bir-birining yelkasiga chiqib, imkon qadar baland va murakkab konstruksiyalar barpo etadi. Eng kuchli jamoalar 10 qavatgacha bo‘lgan minoralarni quradi. Bunda faqat minorani tiklash emas, balki uni xavfsiz tarzda to‘liq tushirish ham muhim hisoblanadi.

Bu yil Castellers de Vilafranca jamoasi 14 635 ochko bilan birinchi o‘rinni egalladi. Jamoa dastlab ikkita 10 qavatli minorani muvaffaqiyatli bajardi. Musobaqaning hal qiluvchi bosqichida esa tarixda ilk bor to‘qqiz kishilik qatlamlardan iborat, to‘qqiz qavatli “9 de 9 amb folre” minorasini to‘liq qurib, xavfsiz tarzda tushirishga muvaffaq bo‘ldi.

“Castells” an’anasi Kataloniyada qariyb 200 yillik tarixga ega. YUNЕSKO ma’lumotlariga ko‘ra, inson minoralari odatda olti qavatdan 10 qavatgacha bo‘ladi va bu mahorat avloddan avlodga o‘tib keladi.

2010 yil 16 noyabrda “castells” an’anasi YUNЕSKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar