Uch yoshli 35 kg qizaloqni mukbangga jalb qilgan ota-ona tanqid qilindi

Uch yoshli 35 kg qizaloqni mukbangga jalb qilgan ota-ona tanqid qilindi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Xitoyda uch yoshli qizaloqni mukbang kontentiga jalb qilgan ota-ona jamoatchilikning qattiq tanqidiga uchradi, chunki qizning vazni 35 kilogrammga yetgan edi.
  • Ota-ona qizining ishtahasi yaxshi ekanligini ta’kidlab, uni majburan ovqatlantirishganini rad etdi.
  • Internet foydalanuvchilarining bosimi natijasida videoplatformalar qizning akkauntlarini blokladi va ota-ona ijtimoiy tarmoqlardan chiqib ketdi.

Xitoyda bir juftlik uch yoshli qizini kamera qarshisida juda ko‘p miqdorda ovqat iste’mol qilishga jalb qilgani uchun jamoatchilikning qattiq tanqidiga uchramoqda.

Internetda keng tarqalgan mukbang trendida blogerlar katta miqdordagi ovqatni kamera oldida iste’mol qilib, bu jarayonni tomoshabinlar uchun kontent sifatida namoyish etadi. XXI asrning eng bahsli internet hodisalaridan biri sifatida qaraladigan ushbu yo‘nalish nafaqat ovqatni ko‘ngilochar maqsadda ortiqcha sarflash bilan bog‘liq tanqidlarga sabab bo‘lgan, balki salomatlik uchun jiddiy xavflar tug‘dirishi va ayrim holatlarda mukbang blogerlarining o‘limi bilan ham bog‘langan.

Shu sababli ota-onalar o‘zlarining uch yoshli farzandini bunday kontentga jalb qilgani ko‘plab internet foydalanuvchilarining noroziligiga sabab bo‘ldi.

Joriy oy boshida Xitoy ommaviy axborot vositalarida “Peysi” taxallusi bilan tanilgan uch yoshli qiz haqidagi holat xabar qilindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ota-onasi uni mukbang kontenti qahramoniga aylantirgan va qizining turli taomlarni iste’mol qilayotganini tasvirga olib, videolarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan.

Peysining ota-onasi Douyin — Xitoydagi TikTok'ka o‘xshash platformada joylagan videolari sarlavhalarida “3 yoshli 66 funtlik (33 kilogrammlik) semiz qizcha” va “ajoyib ishtaha” kabi iboralardan foydalangan.

Videolarda qizga qovurilgan tovuq va yog‘li go‘sht kabi kaloriyasi yuqori taomlar berilayotgani ko‘rsatilgan. Bu taomlarni iste’mol qilish jarayoni esa asosan uning kuzatuvchilariga ko‘ngilochar kontent taqdim etish maqsadida tasvirga olingan.

Qizning vazni 35 kilogrammga yetgach, jamoatchilik vakillari bundan jiddiy xavotir bildirib, uning ota-onasi bilan yuzma-yuz gaplashgan. Internet foydalanuvchilari juftlikdan mukbang videolarini to‘xtatishni so‘ragan.

Uch yoshli 35 kg qizaloqni mukbangga jalb qilgan ota-ona tanqid qilindi

Biroq ota-ona o‘z harakatlarini himoya qilgan. Ular Peysi tug‘ilganida 4,5 funt, ya’ni taxminan 2,25 kilogramm vaznga ega bo‘lganini va qizining shunchaki ishtahasi yaxshi ekanini ta’kidlagan.

Juftlik qizini majburan ovqatlantirishganini rad etgan. Shuningdek, ular videolar orqali topilayotgan mablag‘ oziq-ovqat xarajatlarini qoplashga zo‘rg‘a yetayotganini bildirgan.

Jamoatchilikning bosimi tobora kuchaygach, videoplatformalar Peysining akkauntlarini blokladi. Shundan so‘ng uning ota-onasi ham ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarini o‘chirib tashladi.

Bolalarni ijtimoiy tarmoqlarda kontentga jalb qilish masalasi

Peysi bilan bog‘liq holat Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida e’tibor va ko‘rishlar sonini oshirish maqsadida voyaga yetmagan bolalardan foydalanish amaliyotiga yana bir bor e’tibor qaratdi.

So‘nggi yillarda bolalar ishtirokidagi mukbang va prank videolaridan tortib, ular orqali turli mahsulotlarni targ‘ib qilishgacha bo‘lgan kontent turlari kengayib bormoqda.

Bunday kontentlarda voyaga yetmaganlarning ishtirok etishi esa ularning manfaatlari, xavfsizligi va huquqlarini himoya qilish masalasini dolzarb qilib qo‘ymoqda. Peysining holati ham ijtimoiy tarmoqlarda bolalardan kontent yaratish maqsadida foydalanish qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida yana bir bor bahslarni kuchaytirdi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar