Xitoyda ota-onalar farzandlarini uylantirish uchun AI'dan foydalanmoqda

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Xitoyda nikohlar sonining kamayishi sababli, ba'zi ota-onalar farzandlarini oila qurishga undash uchun sun'iy intellekt yordamida yaratilgan ta'sirchan videolardan foydalanmoqda.
- Ushbu videolarda keksa insonlar oila qurmaganliklaridan afsuslanayotgani aks etadi, ammo ko'pchilik yoshlar buni kulgili deb hisoblamoqda.
- Tanqidchilar bu usul ijtimoiy tafovutni kuchaytirishi mumkinligidan ogohlantirsa-da, ota-onalar farzandlarining kelajagi haqida xavotirda.
Xitoyda ayrim ota-onalar farzandlarini turmush qurishga va oila barpo etishga undash uchun sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan ta’sirchan videolardan foydalanmoqda. Ularda yoshi katta insonlar yoshligida oila qurmaganidan afsuslanib, ota-onasining maslahatiga quloq tutmaganidan pushaymon bo‘layotgani tasvirlanadi.
Xitoyning «Sinxua» axborot agentligi va Fuqarolik ishlari vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda mamlakatda nikohni rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish holatlari 6,106 millionni tashkil etgan. Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichga nisbatan 20,5 foizga kam. Mamlakatda har ming kishiga to‘g‘ri keladigan nikohlar soni esa atigi 4,3 tani tashkil qilgan.
Nikohlar sonining kamayishi ota-onalarni tashvishga solmoqda. Xabarlarga ko‘ra, ular farzandlarini oila qurishga va farzandli bo‘lishga ko‘ndirish uchun turli usullarni qo‘llashga harakat qilmoqda.
Bir nechta ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, Xitoydagi Douyin va Weibo kabi ijtimoiy platformalar sun’iy intellekt yordamida yaratilgan videolar bilan to‘lib ketgan. Ularda yoshi ulg‘aygan qahramonlar yoshlik paytida ota-onasining gapiga kirib, oila qurmaganidan afsuslanayotganini aytadi.
Videolardan birida sun’iy intellekt orqali yaratilgan 58 yoshli ayol shifoxonaga borganida yolg‘iz qolgani tasvirlanadi. Uning yonidagi karavotlarda yotgan boshqa bemorlarni esa yaqinlari parvarish qilib, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatadi.
Yana bir videoda 56 yoshli qahramon yoshligida ota-onasining oila qurish haqidagi maslahatlariga quloq tutmaganidan pushaymon bo‘layotganini bildiradi. Bu roliklarning aksariyati sun’iy intellekt yordamida tayyorlangani haqida maxsus belgi bilan tarqatilgan bo‘lsa-da, ularni millionlab marta tomosha qilish va boshqalar bilan bo‘lishishda davom etishmoqda.
Ushbu tendensiya xavotirga tushgan ota-onalarning farzandlarini oila qurishga ko‘ndirishga qaratilgan «kiber qamali» deb nomlanmoqda. Biroq tanqidchilar bunday usullar oila qurganlar va yolg‘iz yashayotganlar o‘rtasidagi ijtimoiy tafovutni yanada kuchaytirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Shunga qaramay, farzandlarining kelajagidan xavotirda bo‘lgan ayrim ota-onalar bu tanqidlarga unchalik e’tibor bermayapti.
Weibo foydalanchilaridan biri: «Bizga bunday videolar yanada ko‘proq kerak. Kelinglar, kim hali ham yolg‘iz qolishni ma’qul ko‘rayotganini ko‘raylik», deb yozgan.
Boshqa bir foydalanuvchi esa: «Hamma bu roliklarni tarqatsin va yoshlarga ko‘rsatsin», degan fikrni bildirgan.
Biroq ushbu tashabbusga munosabatlar, asosan, salbiy bo‘lmoqda. Ayniqsa, yoshlar videolarni va ularni tarqatish bilan bog‘liq butun tendensiyani jiddiy qabul qilish o‘rniga, kulgili deb hisoblamoqda.
«Odamlarni yig‘lab, turmush qurishga undaydigan haqiqiy insonni topa olmaganlari uchun sun’iy intellektdan foydalanishgani juda kulgili», deb yozgan foydalanuvchilardan biri.
Boshqalar esa bunday videolar kutilgan natijani bermasligi mumkinligini ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, ota-onalarning bu kabi bosimi yoshlarni yanada ranjitishi, ular bilan munosabatlarni sovutishi va hatto ataylab turmush qurmaslikka qaror qilishlariga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu tariqa, Xitoyda nikohlar soni kamayishi fonida sun’iy intellektdan foydalanib yaratilgan videolar ota-onalar va yoshlar o‘rtasida yangi bahslarni keltirib chiqarmoqda. Oila qurishga undash maqsadida tayyorlangan roliklar esa ayrim yoshlar uchun ta’sirchan nasihatdan ko‘ra ko‘proq hazil mavzusiga aylanmoqda.






























Izohlar 0
…