Seyshel orolida 180 mingta ulkan toshbaqa yashashi ma’lum bo‘ldi

Hind okeanida joylashgan Seyshel orollaridagi Oldabra atollida ulkan toshbaqalar soni qariyb 180 mingta ekani aniqlandi. Yangi tadqiqot natijalari bu hudud dunyodagi erkin yashovchi ulkan toshbaqalarning eng yirik makonlaridan biri ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.
The Guardian nashrining xabar berishicha, olimlar 2018–2022 yillarda to‘plangan kuzatuv ma’lumotlarini tahlil qilib, atollda taxminan 180 mingta katta va voyaga yetayotgan toshbaqa borligini hisoblagan. Bu ko‘rsatkich avvalgi tadqiqotlarda qayd etilgan raqamlardan ancha yuqori.
Qizig‘i, ushbu toshbaqalar soni Seyshel orollarining butun aholisi sonidan ham ko‘p. Mamlakatda odamlar soni taxminan 135 ming nafarni tashkil etadi.
Toshbaqalar soni qanday qilib bunchalik ko‘paydi?
Olimlarning ta’kidlashicha, bu natija tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha ko‘p yillik sa’y-harakatlar samarasini ko‘rsatadi. XIX asrda ovlash va boshqa inson faoliyati tufayli Oldabra atollidagi ulkan toshbaqalar soni 1 mingtadan ham kamayib ketgan edi.
Keyinchalik hududni muhofaza qilish choralari kuchaytirildi. 1982 yilda esa atoll YUNЕSKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritildi. Shu tariqa noyob hayvonlarning tabiiy yashash muhitini saqlab qolishga katta e’tibor qaratildi.
Tadqiqotchilarning fikricha, avvalgi hisob-kitoblarda ayrim toshbaqalar ko‘zdan qochib ketgan bo‘lishi mumkin. Yangi usullar esa o‘simliklar orasida yoki uzoqroq hududlarda yashiringan hayvonlarning taxminiy sonini ham hisobga olish imkonini bergan.






























Izohlar 0
…