194 yoshli toshbaqaning uzoq umr ko‘rish siri o‘rganilmoqda

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Taxminan 194 yoshli Jonatan ismli ulkan toshbaqaning DNKsini o‘rgangan olimlar uning uzoq umr ko‘rishiga sabab bo‘luvchi 287 ta genetik variantni aniqladi.
- Aldabra turiga mansub ushbu jonivorning genlari hujayralarni tiklash, energiya ishlab chiqarish va saratondan himoyalanish kabi muhim jarayonlarni boshqaradi.
- Tadqiqotchilar toshbaqaning genetik tizimlari qariyb ikki asr davomida yoshroq toshbaqalarnikidek barqaror saqlanib qolganini ta’kidlamoqda.
Dunyodagi eng keksa quruqlik hayvoni hisoblangan Jonatan ismli ulkan toshbaqa olimlarning diqqat markaziga tushdi. Taxminan 194 yoshda bo‘lgan ushbu jonivorning DNKsini o‘rgangan tadqiqotchilar uning uzoq umr ko‘rishiga yordam berishi mumkin bo‘lgan bir qator genetik xususiyatlarni aniqladi.
Jonatan Aldabra turiga mansub ulkan toshbaqa bo‘lib, taxminan 1832 yilda Seyshel orollarida tug‘ilgan. U 1882 yilda Atlantika okeanida joylashgan Buyuk Britaniyaning dengizorti hududi — Muqaddas Yelena oroliga olib kelingan. Shundan buyon u gubernator qarorgohi hududida yashab kelmoqda.
Olimlar uning uzoq umr ko‘rish sabablarini aniqlash uchun genetik tahlil o‘tkazgan. Tekshiruv davomida Jonatan organizmida 287 ta o‘ziga xos genetik variant aniqlangan. Ular DNKning shikastlangan qismlarini tiklash, hujayralardagi energiya ishlab chiqarish, insulin faoliyatini tartibga solish va saratondan himoyalanish kabi muhim jarayonlar bilan bog‘liq.
Tadqiqotchilarni hayratga solgan jihatlardan biri — qariyb ikki asr yashagan toshbaqaning ayrim genlarini boshqaruvchi tizimlari yoshroq toshbaqalarnikiga o‘xshash darajada saqlanib qolganidir. Odatda organizm qarishi bilan bu jarayonlarda o‘zgarishlar yuz beradi va hujayralarning faoliyati izdan chiqishi mumkin.
Mutaxassislar, ayniqsa, hujayralarga energiya yetkazib beruvchi mitoxondriyalar faoliyati bilan bog‘liq genlarning barqaror saqlanganiga e’tibor qaratmoqda. Bu holat Jonatan organizmining uzoq yillar davomida o‘z vazifalarini samarali bajarishiga yordam bergan bo‘lishi mumkin.
Tadqiqotchilarning fikricha, ushbu natijalar nafaqat hayvonlarning uzoq umr ko‘rishini, balki insonlarda qarish jarayoni qanday kechishini ham yaxshiroq tushunishga yordam berishi mumkin. Biroq hozircha toshbaqada aniqlangan xususiyatlar inson umrini uzaytirish imkonini beradi, degan xulosa chiqarishga erta.
Qizig‘i, Jonatanning yoshi uning turi uchun ham juda g‘ayrioddiy hisoblanadi. Aldabra ulkan toshbaqalarining odatiy umr davomiyligi taxminan 80–100 yil atrofida bo‘lsa, Jonatan bu ko‘rsatkichdan deyarli ikki baravar ko‘p yashagan.
Bugungi kunda u nafaqat uzoq umr ko‘rish rekordi bilan, balki ilm-fan uchun ham noyob tadqiqot obyektiga aylangan. Olimlar kelgusida boshqa ulkan toshbaqalarni ham o‘rganib, qarish jarayonini sekinlashtirishga yordam beruvchi biologik mexanizmlarni aniqlashni rejalashtirmoqda.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…