Hamkasbini o‘ldirgani uchun umrbod qamalgan mahbus qamoqdan qochdi

AQSHning Tennessi shtatida hamkasbini o‘ldirgani uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan 28 yoshli Jeykob Morli qamoqxonadan qochib ketdi. Hozirda politsiya uni qidirmoqda. Bu haqda Associated Press xabar berdi.
Tennessi shtati Jazoni ijro etish departamenti ma’lumotiga ko‘ra, mahbusning yo‘qolgani 26 oktyabr kuni soat 23:30 atrofida aniqlangan. U Tiptonvill shahridagi Northwest Correctional Complex qamoqxonasida jazo o‘tayotgan bo‘lgan.
Kuzatuv kameralari yozuvlarida Morlining qamoqxona kiyimida hududni tark etgani ko‘ringan. Biroq u qo‘riqlanadigan hududdan qanday chiqib ketgani hozircha ma’lum emas. Uni topishga yordam beradigan ma’lumot uchun 2 500 dollargacha mukofot e’lon qilingan.
Morli 2022 yilda hamkasbi Kodi Birchfildni o‘ldirgani uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. Birchfild bir necha hafta davomida bedarak bo‘lganidan so‘ng, uning jasadi Morlining Karter okrugidagi uyi ostidagi qutidan topilgan.
U qotillikdan tashqari, uyga noqonuniy kirish, dalillarni soxtalashtirish va mol-mulkka zarar yetkazish kabi jinoyatlarda ham aybdor deb topilgan. 2022 yilda politsiyadan qochgan Morli Shimoliy Karolina shtatida qo‘lga olingan edi.
Nashr qayd etishicha, mazkur qamoqxonada ilgari ham mahbuslar va xodimlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari kuzatilgan. 2023 yilgi tekshiruvda esa Tennessi qamoqxonalarida qo‘riqchilar yetishmasligi aniqlangan. O‘sha moliyaviy yilda ushbu muassasadagi qo‘riqchilar shtatining 61 foizi bo‘sh bo‘lgan.






























Izohlar 0
…