O‘zbekistonlik model Epshteyn bilan bog‘liq dahshatli voqeani oshkor qildi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- O‘zbekistonlik model Roza MC2 Model Management agentligi uni 2009 yilda jinsiy jinoyatchi Jeffri Epshteynning qarorgohiga fotosessiya uchun yuborgani va u yerda zo‘ravonlikka uchragani haqida ma’lum qildi.
- Jabrlanuvchi agentlik rahbariyatini o‘z xavfsizligini ta’minlamaganlikda va Epshteyn bilan til biriktirganlikda ayblamoqda.
- BBC surishtiruviga ko‘ra, mazkur agentlikning kamida 10 nafar modeli Epshteyn bilan aloqada bo‘lgani aniqlangan.
O‘zbekistondan AQSHga modellik faoliyatini boshlash uchun borgan Roza (ismi o‘zgartirilgan) mashhur jinsiy jinoyatchi Jeffri Epshteyn bilan bog‘liq og‘ir voqealar haqida so‘zlab berdi. Uning ta’kidlashicha, modellik agentligi uni ikki marta Epshteynning Floridadagi uyiga fotosessiya uchun yuborgan. Roza agentlik rahbariyatini o‘z xavfsizligini ta’minlamaganlikda ayblamoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.
18 yoshida Epshteynning uyiga yuborilgan
Rozaning aytishicha, u 2009 yilda AQSHga kelganidan bir oy o‘tib, MC2 Model Management agentligining Amerikadagi bo‘limi tomonidan Jeffri Epshteynning Palm-Bichdagi qarorgohiga ikki marta fotosessiya uchun jo‘natilgan.
O‘sha vaqtda Epshteyn voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etgan jinsiy jinoyatlari uchun jazo o‘tayotgan bo‘lgan. Shunga qaramay, unga kunduzgi vaqtda qamoqxonadan tashqarida ishlashga ruxsat berilgan.
Rozaning bildirishicha, agentlikning o‘sha paytdagi AQSH bo‘yicha prezidenti Jeff Fuller uning qayerga borayotganidan xabardor bo‘lgan. Fotosessiyalardan keyin esa Epshteyn qizga o‘z yordamchisi sifatida ishlashni taklif qilgan. Keyinchalik u modelga nisbatan muntazam ravishda jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan.
«Agentligimning vazifasi meni himoya qilish edi, ammo ular buni uddalay olmadi. Aksincha, meni xavf ostiga qo‘yishdi. Buning uchun ular javobgarlikka tortilishi kerak», — deydi Roza.
Agentlik rahbarining harakatlari ham shubha uyg‘otdi
BBC jurnalistlari tekshiruv davomida Jeff Fuller Rozaning Palm-Bichga qaytish chiptasini bron qilganini ko‘rsatuvchi moliyaviy hujjatni ham topgan. Biroq Fuller avvalroq modelning Epshteyn uyiga borishidan bexabar bo‘lganini bildirgan. U BBC jurnalistlarining keyingi savollariga javob bermagan.
AQSH Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan Epshteynga oid hujjatlarda MC2 agentligining kamida 10 nafar modeli u bilan uchrashgani yoki aloqada bo‘lgani qayd etilgan.
Hujjatlarga ko‘ra, Epshteyn 2005 yilda ushbu modellik agentligiga 1 million dollar mablag‘ bergan. Ammo agentlik egalari ikki yil o‘tgach, uning kompaniyaga aloqasi yo‘qligini ma’lum qilishgan.
BBC surishtiruvida agentlikning sobiq agenti Ramzi Elkolli va direktori Feyt Keytsning ham Epshteyn bilan yaqin aloqalari bo‘lgani aniqlangan.
Yana bir model boshidan kechirganlarini gapirib berdi
Surishtiruv davomida Simona (ismi o‘zgartirilgan) ismli yana bir model ham o‘z boshidan o‘tkazganlarini oshkor qilgan. Uning aytishicha, Epshteyn unga nisbatan 200 martadan ortiq jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan.
Simona 20 yoshida Epshteyn bilan tanishgan. Keyinchalik modellik faoliyatini tark etib, uning yordamchisiga aylangan. Qariyb ikki yil davomida Epshteyn uning moliyaviy va shaxsiy hayotini nazorat qilib kelgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Epshteyn uni dunyoning yirik modellik agentliklaridan biri bo‘lgan Next Management rahbari Feyt Keyts bilan ham tanishtirgan. Uchrashuv chog‘ida Keyts unga plastik operatsiya qildirishni taklif etgan va jarroh haqidagi ma’lumotlarni Epshteynga yuborgan.
Biroq Keytsning advokatlari mijozi Epshteyn tomonidan aldanganini, uning jinoiy qilmishlaridan xabari bo‘lmaganini bildirgan. Shuningdek, Keyts modellarga plastik operatsiyani taklif qilganini ham rad etgan.
Epshteynga yordam berganlar ham javobgar bo‘lishi mumkin
Mazkur voqealar ortidan Nyu-York shtati senatori Zelnor Mayri Epshteynning jinoyatlariga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslarni ham javobgarlikka tortish imkoniyatini kengaytiruvchi qonun loyihasini taklif etgan.
Unga ko‘ra, Epshteynning jinoiy harakatlaridan xabardor bo‘lgan yoki bu haqda bilishi kerak bo‘lgan shaxslarni ham javobgarlikka tortish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.
Roza esa o‘z tarixini oshkor qilish orqali boshqa jabrlanuvchilarni ham sukut saqlamaslikka chaqirgan. Uning ta’kidlashicha, oradan yillar o‘tgan bo‘lsa-da, haligacha o‘zi uchun adolat qaror topmagan.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…