Olimlar popkorn hidini taratadigan yangi pomidor yaratishdi

Olimlar popkorn hidini taratadigan yangi pomidor yaratishdi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Xitoy va Avstraliya olimlari genetik tahrirlash yordamida popkorn hidiga ega bo‘lgan pomidor yaratdi.
  • Tadqiqotchilar SlBADH1 va SlBADH2 genlarini CRISPR/Cas9 texnologiyasi bilan o‘zgartirib, pomidorda 2-atsetil-1-pirrolin (2-AP) molekulasining to‘rt baravardan ko‘proq ko‘payishiga erishdi.
  • Ushbu genetik o‘zgarishlar pomidorning asosiy agronomik xususiyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmagan, ya’ni hosildorlik va sifat saqlanib qolgan.

Xitoy va Avstraliya olimlari genetik tahrirlash texnologiyasi yordamida popkorn hidini eslatuvchi xushbo‘y pomidorning ilk namunasini yaratdi. Mutaxassislar ushbu ishlanma sabzavotlarning xushbo‘yligini oshirish va ta’m xususiyatlarini boyitish uchun yangi imkoniyatlar ochishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Pomidor (Solanum lycopersicum) dunyoda eng ko‘p yetishtiriladigan va iste’mol qilinadigan sabzavotlardan biri hisoblanadi. Biroq asrlar davomida hosildorlik, kasalliklarga chidamlilik va mevalarning bir xil ko‘rinishini ta’minlashga qaratilgan seleksiya ishlari uning tabiiy xushbo‘yligini pasaytirgan. Olimlar esa genlarni tahrirlash orqali pomidorning ushbu salohiyatini qayta namoyon etishga muvaffaq bo‘ldi.

Tadqiqotchilar xushbo‘y guruchga popkorn hidini beruvchi 2-atsetil-1-pirrolin (2-AP) molekulasiga e’tibor qaratdi. Ular pomidorning Alisa Craig navidagi SlBADH1 va SlBADH2 genlarini CRISPR/Cas9 texnologiyasi yordamida faoliyatdan chiqardi.

Natijada SlBADH2 genidagi mutatsiya 2-AP miqdorini sezilarli oshirdi. Har ikki gen bir vaqtda faoliyatdan chiqarilganda esa mazkur modda miqdori oddiy pomidorga nisbatan to‘rt baravardan ko‘proq ko‘paydi. Bu ikki gen o‘rtasida o‘zaro ta’sir mavjudligini ko‘rsatdi.

Xitoydagi Syanxu laboratoriyasi professori Shenchun Syuy Journal of Integrative Agriculture jurnalida chop etilgan tadqiqotda olimlar dastlab pomidor genomini o‘rganib, SlBADH1 va SlBADH2 genlarini aniqlaganini ma’lum qildi. Keyin Alisa Craig navida ushbu genlarni alohida va birgalikda faoliyatdan chiqarish bo‘yicha tajribalar o‘tkazildi.

Olim qiz qizil fonda mikroskop orqali pomidor va popkornni o‘rganmoqda.

Muhimi, genetik o‘zgarishlar pomidorning asosiy agronomik xususiyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmadi. O‘simlikning gullash vaqti, bo‘yi, meva vazni, eruvchan shakarlar, organik kislotalar va S vitamini miqdorida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmadi.

Olimlar bu natijani hosildorlikni pasaytirmagan holda pomidor xushbo‘yligini oshirish yo‘lidagi muhim qadam deb baholamoqda. Kelgusida bunday texnologiyalar orqali iste’molchilarning talabiga mos, o‘ziga xos hid va ta’mga ega sabzavot navlarini yaratish mumkin.

Popkorn hidli pomidor barcha iste’molchilarga ham yoqmasligi mumkin. Biroq tadqiqotchilar xushbo‘yligi kuchaytirilgan mahsulotlar qishloq xo‘jaligi bozorida yangi imkoniyatlar yaratishiga ishonmoqda.

Tadqiqot hammuallifi, Syanxu laboratoriyasi dots.nti Pen Chjenning aytishicha, hozirda ushbu xushbo‘ylik xususiyatini tijorat uchun mo‘ljallangan pomidor navlariga o‘tkazish ishlari davom etmoqda. Olimlar bu orqali mahsulotning ta’m xususiyatlarini boyitish, iste’molchilar qiziqishini oshirish va bozor qiymatini ko‘tarishni maqsad qilgan. Mutaxassislar ushbu yondashuvni xushbo‘y guruch navlarini yaratish tajribasiga o‘xshatmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar