AQSHda o‘rdak shaklida o‘sgan pomidor yillar o‘tib yana e’tibor markazida bo‘ldi

AQSHda o‘rdak shaklida o‘sgan pomidor yillar o‘tib yana e’tibor markazida bo‘ldi

AQSHning Michigan shtatida yashovchi er-xotinning bog‘ida yetishtirilgan o‘rdak shaklidagi pomidor yillar o‘tib yana internet foydalanuvchilari e’tiborini qozondi. G‘ayrioddiy ko‘rinishga ega sabzavot 2015 yilda topilgan bo‘lsa-da, uning surati hanuz odamlarni hayratda qoldirmoqda.

Voqea qahramonlari — Maunt-Morris shaharchasida istiqomat qiluvchi Mari va Bob Davideklar. 2015 yil sentyabrida Mari bog‘idagi hosilni yig‘ayotgan paytda rezina o‘rdakchani eslatuvchi pomidorga ko‘zi tushgan.

Ayol dastlab uning shaklidan hayratlanganini, yaxshilab qaraganidan keyingina pomidor haqiqatan ham o‘rdakka o‘xshashini anglaganini aytgan. Turmush o‘rtog‘i Bob esa avvaliga bunga ishonmagan. Biroq pomidorni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgach, uning o‘rdak yoki hatto tovuqni eslatishini tan olgan.

Ko‘p o‘tmay, noodatiy pomidorning surati mahalliy matbuotda e’lon qilindi. Keyinchalik bu voqea xalqaro nashrlarda ham yoritilib, ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Foydalanuvchilar uning yoqimtoy ko‘rinishini tabiatning kichik mo‘jizasi sifatida ta’rifladi.

Er-xotin pomidorni darhol iste’mol qilish o‘rniga, uni imkon qadar uzoqroq saqlashga qaror qilgan. Mari esa bu tasodifiy topilma boshqalarni ham bog‘dorchilikka qiziqtirishiga umid bildirgan.

Mutaxassislar sabzavotlarning noodatiy shakli gul rivojlanishidagi o‘zgarishlar, changlanish jarayoni yoki bir nechta mevaning qisman qo‘shilib o‘sishi sababli yuzaga kelishi mumkinligini ta’kidlaydi. Bunday holatlar kam uchrasa-da, tabiiy jarayon hisoblanadi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar