Krishtianu Ronaldu 20 million yevrolik suv zavodini qurmoqda

Portugaliyalik futbol yulduzi Krishtianu Ronaldu mamlakat shimolidagi Gostey qishlog‘ida mineral suv ishlab chiqarish zavodini qurmoqda. Loyihaga qariyb 20 million yevro investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan.
Portugaliyaning Lusa axborot agentligi xabariga ko‘ra, loyiha futbolchi va Grupo Outeirinho kompaniyasiga teng ulushlarda tegishli bo‘lgan Maravilha Decimal korxonasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Har ikki tomon kompaniyaning 50 foiz ulushiga ega.
Hozirda zavod qurilishi uchun yer tayyorlash va poydevor ishlari olib borilmoqda. Korxonani 2027 yil oxirigacha qurib bitkazish, ishlab chiqarishni esa 2028 yil boshida yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Zavod yiliga 500–600 million litr suvni shisha va plastik idishlarga qadoqlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Dastlab korxonada 30–35 ta ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda. Ishlab chiqarish hajmi oshishi bilan xodimlar soni ham ko‘payishi mumkin.
Loyiha doirasida Gostey qishlog‘idagi tabiiy buloq suvidan foydalaniladi. Mahsulotni, asosan, xorijiy bozorlarga eksport qilish rejalashtirilgan. AQSH ham mo‘ljallangan bozorlar qatorida tilga olingan. Suv uchun maxsus idish dizayni esa Italiyada ishlab chiqilmoqda.
Bu Ronaldu ishtirok etayotgan suv biznesiga oid loyihalardan biridir. Yangi korxona Portugaliyaning qadoqlangan suv bozorida faoliyat yurituvchi Grupo Outeirinho bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.






























Izohlar 0
…