Cristiano Ronaldoning terma jamoadagi kelajagi soʻroq ostida qoldi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Cristiano Ronaldoning Portugaliya terma jamoasidagi kelajagi murabbiy bilan yuzaga kelgan tushunmovchilikdan so'ng noma'lum bo'lib qoldi.
- Norvegiyaga qarshi o'yinda zaxirada qoldirilgan futbolchi noroziligini bildirib, terma jamoa lagerini muddatidan oldin tark etdi.
- Portugaliya futbol federatsiyasi prezidenti Pedro Proenca bu holatni oddiy tushunmovchilik deb atab, barcha masalalar jamoa ichida hal etilishini va Ronaldoga to'liq qo'llab-quvvatlash bildirilishini ta'kidladi.
Portugaliya terma jamoasi sardori Cristiano Ronaldoning mamlakat bosh jamoasidagi kelajagi nomaʼlum boʻlib qolmoqda. ESPN nashri tarqatgan maʼlumotlarga koʻra, Millatlar ligasi doirasidagi soʻnggi yigʻin vaqtida hujumchi va bosh murabbiy oʻrtasida yuzaga kelgan tushunmovchilik jamoat eʼtiboriga tushdi va bu futbol olamida qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Mojaroning boshlanishiga sentyabr oyi oxirida Norvegiya terma jamoasiga qarshi kechgan uchrashuv sabab boʻldi. Mazkur bahsda Portugal futboli afsonasi zaxirada qoldirilib, maydonga tushirilmadi. Ushbu uchrashuvda jamoa 2:1 hisobida gʻalaba qozonganiga qaramay, tajribali hujumchi murabbiyning bu qaroridan norozi boʻlgan.
Tushunmovchilik va murabbiy bilan ziddiyat
Uelsga qarshi oʻz uyida oʻtgan dastlabki bahsni asosiy tarkibda boshlagan Cristiano Ronaldo Oslo shahridagi oʻyinda zaxirada qolishini ogʻir qabul qildi. Norvegiyaga qarshi kechgan uchrashuvdan soʻng Al-Nassr hujumchisi terma jamoa lagerini muddatidan oldin tark etdi va bu mamlakat matbuotida qizgʻin muhokamalarga yoʻl ochdi.Yuzaga kelgan vaziyat fonida Portugaliya futbol federatsiyasi (FPF) prezidenti Pedro Proenca vaziyatni yumshatishga harakat qildi. U yuzaga kelgan holatni oddiy tushunmovchilik deb atab, barcha masalalar jamoa ichida hal etilishini maʼlum qildi hamda terma jamoa sardoriga oʻzining toʻliq qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.
Federatsiya rahbariyatining munosabati
ESPN xabar berishicha, federatsiya rahbari Cristiano Ronaldoning Portugaliya futboli uchun qoʻshgan ulkan hissasini alohida taʼkidlab oʻtdi. Uning soʻzlariga koʻra, 41 yoshli hujumchi oʻz mamlakati tarixidagi eng buyuk futbolchi hisoblanadi va u ikki oʻn yillik davomida terma jamoaga sadoqat koʻrsatib kelmoqda.«Biz barcha davrlarning eng buyuk futbolchisi haqida gapiryapmiz», – deya taʼkidladi Pedro Proenca. Federatsiya rahbari futbolchi jismoniy jihatdan tayyor boʻlsa, terma jamoa eshiklari uning uchun doim ochiq boʻlishini, biroq yuzaga kelgan tushunmovchilik ichki tartibda hal qilinishi lozimligini qoʻshimcha qildi.
Maʼlum boʻlishicha, Cristiano Ronaldo xalqaro faoliyatini yakunlash haqida avvalroq ham oʻylagan, biroq vatanga boʻlgan muhabbat tufayli terma jamoadagi faoliyatini davom ettirishga qaror qilgan. Ayni paytda u xalqaro miqyosdagi oʻyinlarda urilgan gollar boʻyicha rekordchi boʻlib, Portugaliya safida 234 ta uchrashuvda 146 ta gol muallifiga aylangan.






























Izohlar 0
…