Qozog‘istonda dollar solingan chemodanlar topildi: ikki yirik davlat kompaniyasi rahbari qo‘lga olindi

Qozog‘iston poytaxti Ostonadagi «Atlant-6» turar joy majmuasi yaqinida ichida dollar kupyuralari bo‘lgan chemodanlar topildi. Bu voqea fonida mamlakatning yirik davlat kompaniyalari — «Samruq-Qazina» milliy farovonlik jamg‘armasi va «Qazaqstan temir joli» kompaniyasi rahbarlari qo‘lga olingani ma’lum bo‘ldi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda ko‘p miqdordagi dollar kupyuralari yerga sochilib yotgani aks etgan. Xabarlarga ko‘ra, pullar Ostona shahrining Yesil tumanidagi Qo‘nayev ko‘chasida joylashgan turar joy majmuasi yaqinidan topilgan. Hodisa joyiga politsiya xodimlari yetib kelgan.
Ayrim xabarlarda chemodanlar binodagi xonadonlardan birining derazasidan tashlab yuborilgani aytilmoqda. Biroq pullarning qayerdan kelib qolgani, miqdori va kimga tegishli ekani hozircha aniq emas.
Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 11 noyabr kuni korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati «Samruq-Qazina» boshqaruvi raisi Nurlan Jaqupov va «Qazaqstan temir joli» boshqaruvi raisi Yeljas Otinshiyevni, shuningdek, boshqa shaxslarni ham qo‘lga olgan. Ular korrupsiyaga oid jinoyatni sodir etishda gumonlanmoqda.
Idora hozirda ishning barcha holatlarini aniqlashga qaratilgan tergov harakatlari olib borilayotganini bildirgan. Tergov sirini saqlash maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor etilmagan.
Avvalroq OAVda Otinshiyev Ostonadagi «Tanjir» launj-barida Milliy xavfsizlik qo‘mitasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ayrim nashrlar manbalariga tayanib, rahbarlar pora olishga urinishda gumonlanayotganini yozgan. Biroq rasmiy idora gumonning aniq mazmunini ochiqlamagan.
«Samruq-Qazina» milliy farovonlik jamg‘armasi Qozog‘istonning neft-gaz, transport, energetika va telekommunikatsiya kabi yirik davlat aktivlarini boshqaradi. Nurlan Jaqupov 2023 yildan buyon jamg‘armaga rahbarlik qilib kelgan.
Yeljas Otinshiyev esa 2026 yil iyul oyida «Qazaqstan temir joli» milliy kompaniyasi boshqaruvi raisi etib tayinlangan.
Hozircha topilgan pullar va ikki rahbarning qo‘lga olinishi o‘zaro bog‘liq ekani rasman tasdiqlanmagan.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…