Yaponiyada 290 ming dollarlik soatni o‘g‘irlagan erkak uni uzr xati bilan qaytardi

Yaponiyaning Tokio shahrida noodatiy o‘g‘irlik hodisasi yuz berdi. Qimmatbaho soatni do‘kondan olib qochgan erkak oradan uch kun o‘tib, uni pochta orqali uzr xati bilan qaytarib yubordi. Biroq bu holat uni javobgarlikdan qutqara olmadi.
Ma’lum qilinishicha, 29 oktyabr kuni bir erkak Tokioning Nakano Brodvey savdo majmuasidagi soat do‘koniga kirib, 46 million iyena (taxminan 290 ming dollar) turadigan Audemars Piguet soatini taqib ko‘rishni so‘ragan. Soat uning bilagiga taqilganidan so‘ng, u do‘kondan qochib ketgan.
Oradan uch kun o‘tib, 1 noyabr kuni do‘konga kuryer orqali posilka yetib kelgan. Uning ichidan o‘g‘irlangan soat va qo‘lda yozilgan uzr xati chiqqan. Do‘kon xodimlari seriya raqamini tekshirib, soat aynan o‘sha ekanini tasdiqlagan.
11 noyabr kuni politsiya hodisaga aloqadorlikda gumon qilingan 30 yoshli erkakni Nagoya shahrida qo‘lga oldi. U soatni o‘g‘irlaganini tan olgan.
Gumonlanuvchining aytishicha, u soatni taqib, oynadagi aksiga qaraganida uni juda yoqtirib qolgan va qanday qilib do‘kondan taqilgan holda chiqib ketganini ham sezmay qolgan. Keyinchalik esa soat o‘ziga tegishli emasligini anglab, uni egasiga qaytarishga qaror qilganini bildirgan.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…