Italiyalik rassom Bibi Maryam surati ostida G‘azodagi fojiani tasvirladi (video)

Italiyalik rassom Eduardo Kastaldo G‘azo sektoridagi urush oqibatlari, ayniqsa, onalar va bolalar boshidan kechirayotgan azob-uqubatlarni san’at orqali aks ettirdi. Uning Bibi Maryam va Iso alayhissalom tasvirlangan muqaddas surat ostida Falastindagi voqelikni ochib beruvchi asari ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Bu haqda Aljazeera xabar berdi.
«Holy Mothers of Gaza» («G‘azo onalari») deb nomlangan asar Neapol shahridagi tarixiy Pappakoda kapellasida namoyish etildi. Unda dastlab Bibi Maryamning chaqaloq Iso alayhissalomni bag‘riga bosib turgan tasviri ko‘zga tashlanadi. Biroq rassom suratning bir qismini yirtib ochishi bilan uning ostida G‘azoda olingan haqiqiy fotosurat namoyon bo‘ladi. Unda falastinlik ona vayronalar orasida o‘z farzandini bag‘riga bosib turgani aks etgan.
Mazkur fotosurat falastinlik fotojurnalist Umar al-Qatta tomonidan olingan. Rassom ikki tasvirni birlashtirish orqali ona mehri, farzandini himoya qilish istagi va urush sharoitidagi onalarning og‘ir taqdiriga e’tibor qaratgan.
Eduardo Kastaldo avval Yaqin Sharqda qariyb sakkiz yil fotojurnalist sifatida faoliyat yuritgan. Keyinchalik u hujjatli fotosuratlarni ko‘cha san’ati va badiiy installyatsiyalar bilan birlashtirishga o‘tgan.
Rassomning fikricha, muqaddas tasvirning yirtilishi qayg‘uni ifodalovchi va insonlarni hamdardlikka chorlovchi ramziy harakatdir. Ushbu loyiha orqali muallif G‘azodagi ayollar va bolalarning og‘ir ahvolini unutmaslikka chaqirmoqda.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…