23:02 / 05.03.2018
4 231

Britaniyadagi vatandoshlar: “Har kuni O‘zbekistondan xushxabar eshitib, qalbimiz quvonchga to‘lyapti”

Britaniyadagi vatandoshlar: “Har kuni O‘zbekistondan xushxabar eshitib, qalbimiz quvonchga to‘lyapti”
O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida o‘zbek vatandoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Uchrashuvda London, Brayton, Bornmut, Birmingem va Manchester shaharlarida o‘qib, mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz, Buyuk Britaniya ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Vatandoshlarimizga O‘zbekistondagi o‘zgarishlar, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Diniy sohadagi yangiliklar, ayniqsa, diniy ta’lim yo‘nalishida olib borilayotgan tizimli chora-tadbirlar ishtirokchilarning diqqat-e’tiborini tortdi. 2017 yilning o‘zida Imom Termiziy, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Islom sivilizatsiyasi markazi, Islom akademiyasi, Mir Arab oliy madrasasining tashkil etilishi xalqimizni, dunyo musulmonlarini quvontirgan, xalqaro ilmiy doiralarning olqishi va e’tirofini qozongan voqea bo‘ldi.

“Har kuni ona yurtimizdan yangilik, xushxabar eshitib, qalbimiz quvonch va sevinchga to‘ladi. Internetga kirib, “bugun O‘zbekistondan qanday xabar bor ekan”, deb intiqlik bilan kuzatamiz. Jonajon Vatanimizning shonu shavkati kundan kunga ziyoda bo‘lib borayotganidan to‘lqinlanib yuramiz”, dedi uchrashuv qatnashchilaridan biri.

Samimiy ruhda kechgan muloqotda Buyuk Britaniyada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan diplomatlarimizga murojaat qilishdi. Jumladan, O‘zbekistonda nashr etiladigan darslik va kitoblarni muntazam yetkazib turish, Internetda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari, imom-xatiblar bilan onlayn suhbatlar tashkil etish kabi takliflarni bildirishdi.

“Biz dinimiz arkonlarini qanday ado etish bilan bog‘liq ayrim masalalarga duch kelamiz. Buyuk Britaniyada turli aqidaviy yo‘nalishlarga mansub musulmonlar yashaydi. Shu sababli O‘zbekiston ulamolariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish va o‘zimizni qiziqtirgan savollarga javob olishni istardik”, dedi Londonda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizdan biri.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Britaniyadagi vatandoshlar: “Har kuni O‘zbekistondan xushxabar eshitib, qalbimiz quvonchga to‘lyapti”