Xorazmda bronza davriga oid 19 ta yashiksimon qabr topildi

Xorazmda bronza davriga oid 19 ta yashiksimon qabr topildi

Xorazm viloyati Tuproqqal’a tumanida ilgari noma’lum bo‘lgan qadimiy qabriston aniqlandi. Topilma Xorazm Ma’mun akademiyasi arxeologik ekspeditsiyasining dala tadqiqotlari davomida qayd etilgan. Bu haqda Xorazm Ma’mun akademiyasi xabar berdi.

Yodgorlikda toshlardan qurilgan 19 ta yashiksimon qabr aniqlangan. Qabrlardan ayrimlarida marhumlar g‘ujanak holatda dafn etilgani kuzatilgan. Shuningdek, qazishmalar vaqtida dafn anjomlari, jumladan, bronza buyumlar va munchoqlar topilgan.

Mutaxassislarning dastlabki tahliliga ko‘ra, yodgorlik bronza davriga mansub bo‘lishi mumkin. Dafn marosimi va ayrim topilmalar Janubiy Qozog‘istonning Sirdaryo havzasida aniqlangan qadimiy dafn inshootlari bilan muayyan o‘xshashliklarga ega.

Arxeologlarning qayd etishicha, bu o‘xshashliklar bronza davrida Markaziy Osiyoning turli hududlarida yashagan aholi o‘rtasida madaniy aloqalar va o‘xshash an’analar bo‘lganidan dalolat berishi mumkin. Biroq yodgorlikning aniq yoshi va madaniy mansubligi bo‘yicha yakuniy xulosa hali berilmagan.

Hozirda mutaxassislar topilgan qabrlar, inson qoldiqlari va dafn anjomlarini o‘rganmoqda. Kelgusida laboratoriya tadqiqotlari ham o‘tkazilib, yodgorlikning aniq sanasi va Xorazm tarixidagi o‘rni aniqlashtiriladi.

Qora fonda qadimiy metall parchalari va mayda toshlar ikki qatorda joylashgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar