16:30 / 25.05.2019
3 331

Salmon Avda qamoqqa olinishining haqiqiy sabablari (2-qism)

Salmon Avda qamoqqa olinishining haqiqiy sabablari (2-qism)
«Arab bahori» davomida shayx Salmonning Saudiya Arabistonidan tashqariga chiqishi taqiqlangan edi. Saudiya qiroli ushbu taqiqni bekor qilganidan keyin shayx 2016 yil noyabr oyida xorijga safar qildi. U Qarzoviyning ziyoratiga bordi. Bu safar Qarzoviy bilan fiqhiy masalalarni muhokama qilish va konseptual bahslar o‘tkazish emas, shunchaki uning sog‘ligidan va oilasidan xabar olish, u bilan birga uning kutubxonasida vaqt o‘tkazish, u bilan birga yaqindan suhbat qurish niyatida edi.

Ko‘rinishidan bu uchrashuvning hech qanday ma’nosi bo‘lmasa-da, aslida juda katta ramziy ma’nolarga dalolat qilardi. Shayx Salmon Avda Islom olamida Qarzoviy chizgan vasatiy yo‘lda uning o‘rniga qolishi mumkin bo‘lgan nomzodlardan biri sanaladi. Uning o‘zi ham «vasatiy madrasasi»ga mansubligini ta’kidlagan. Shuningdek, u Saudiya Arabistoni xalqini ergashtira oladigan yetakchi hamdir.

Qarzoviy shogirdlari bilan uchrashuvida ham shayx Salmon uning yaqin shogirdlari – marokashlik Ahmad Roysuniy va sudanlik Isom Bashir bilan birga o‘tirgan edi. O‘sha uchrashuvda «Men tanigan Qarzoviy» deb nomlangan nutqini o‘qib eshittirdi. Uni Qarzoviyga atalgan qasiyda bilan boshlab, uning xizmatlaridan va shogirdi ekanidan faxr tuyishini aytib o‘tdi.

Bundan tashqari, Salmon Avda Qarzoviy boshchilik qiladigan, Islom olamidagi eng mashhur, a’zo ulamolari va davlatlari sonining ko‘pligi jihatidan birinchi o‘rinda turadigan tashkilot – Butun dunyo ulamolari ittifoqi raisining yordamchisi edi. Bularning barchasi hech qanday muxolifatga toqat qilolmaydigan qirollik uchun katta tashvish sanaladi. Ahmad Roysuniyning fikricha, Salmon Avda mintaqa va uning tashqarisida ta’sir doirasining kengligi, Qarzoviy va ittifoq bilan yaqin aloqalari, Turkiya bilan yaqinlashish tarafdori bo‘lgani va Qatar bilan sulh tuzishga chaqirgani sababli qamoqqa olingan.

Shuningdek, shayx Salmon bir nechta ilmiy tadqiqot o‘tkazadigan markaz va muassasalar asoschisi hamdir. Ular insonlarni fikrlashga, izlanishga chorlab keladi. Bunday muassasalarning eng ko‘zga ko‘ringani «Islom bugun» tashkiloti hisoblanadi. Shayx mazkur tashkilotga 10 yil boshchilik qildi, so‘ngra uni do‘sti Abdulaziz Toriyriyga topshirdi.

U asos solgan ko‘zga ko‘ringan tashkilotlardan yana biri G‘arbda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan chizilgan nomaqbul suratdan keyin u zotni boshqalarga tanitish va tuhmatlardan himoya qilish maqsadida Quvaytda ochilgan «Nusrat» tashkilotidir. Unga qo‘yilgan 37 ayblovlardan biri mazkur tashkilot bilan bog‘liq.

Shayx Salmon Avdaning faoliyati faqat arab mintaqasi bilan chegaralanib qolgan emas. U Yevropada eng nufuzli Islom tashkilotlaridan biri – Yevropa fatvo kengashining ham a’zosi sanaladi.

Bularning barchasi hokimiyatda mutlaq hukmronlik qilishni xohlaydigan qirollik oilasining paytavasiga qurt tushirgani tabiiy. Endi ular shayxdan butkul qutulishni ko‘zlagan ko‘rinadi.
Davomi bor...

1-qism
Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Salmon Avda qamoqqa olinishining haqiqiy sabablari (2-qism)