
Istanbul uchun o‘tgan qayta saylovda yana g‘olib chiqqan Akram Imomo‘g‘li tarafdorlari qator tizilib turgan kameralar tomon shodlikdan qichqirar edilar. Jarayonni yoritayotganlar ichida davlatga qarashli va prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning izmidagi TRT kanali ham bor edi.
Qo‘lida Turkiya bayrog‘ini tutib, yuziga janob Imomo‘g‘li yuzini eslatuvchi niqob taqib olgan bir ayol TRT tasvirchisi tomon kela boshladi. «Bizni suratga olayapsanmi? – qichqirar edi ayol. – Biz shu yerdamiz. Biz qayerdaligimizni ko‘rsat!».
Shu tariqa uzoq yillar bir inson hukmida yashab kelgan Turkiyaning bir qismi o‘zini yengil his eta boshladi.
Turkiyada mahalliy saylov kamdan-kam bunday yirik ahamiyatga ega bo‘ladi. Biroq joriy saylov 25 yil davomida faqat siyosiy muzaffarlik bilan olg‘a qadam bosib kelayotgan janob Erdo‘g‘onga jiddiy zarba berishi bilan yaqqol ajraldi.
2003 yildan beri qudratda bo‘lgan janob Erdo‘g‘on davrida muxolifat umidsizlarcha parchalanib ketgan edi. U esa har qanday holatda ham g‘olib qo‘l bilan olg‘a qadam bosar edi.
O‘zining dindor va an’anador qarashli tarafdorlari qo‘llovi orqali yanada ko‘proq qudratga erishgan janob Erdo‘g‘on mamlakat hayotining har bir jabhasini o‘ziga sodiq, ammo bu sadoqatdan manfaat ko‘zlagan shaxslar bilan to‘ldirib tashlagan edi.
Qimmatga tushgan noto‘g‘ri hisoblash

Tahlilchilar prezident Erdo‘g‘on va uning AK partiyasi Istanbul uchun saylovni qayta o‘tkazish bilan o‘z kuchini ortiqcha baholab yuborganini aytmoqdalar.
«Kim Istanbulni egallasa, Turkiyani egallaydi» deya ta’kidlagan prezident Erdo‘g‘on o‘z qudratini noto‘g‘ri hisoblagani to‘g‘risida so‘zlamoqdalar.
Janob Imomo‘g‘lini hattoki shaharning eng konservativ hududlari – Fotih (Istanbulning dindor markazi), Tuzla (AKP nomzodi Binali Yildirimning saylov okrugi) va Uskudar (prezident Erdo‘g‘on yashaydigan hudud) – ham qo‘llab-quvvatladi. Bir savol tug‘iladi: nega?
Javob esa shahar bo‘ylab yopishtirib chiqilgan bir so‘zdan iborat: umut (umid).
AKP janob Imomo‘g‘li obro‘sini to‘kish uchun uni har qanday nom bilan atab ko‘rdi: terrorchi, davlat to‘ntarishi tarafdori, firibgar, yunon. Hatto uni janob Erdo‘g‘onning eng ashaddiy raqiblaridan biri bo‘lmish Misr prezidenti Abdulfattoh Sisiyga ham tenglashtirdilar. Biroq janob Imomo‘g‘li bunday tuhmatlarni yuzda tabassum bilan rad eta oldi.
U Turkiya ahliga Istanbulni 25 yil davomida konservativ hukmdorlik yuzaga keltirgan korrupsiya va nepotizm ildizlaridan tozalay olishini isbotladi.
Mart oyidagi birinchi saylovdan to qayta saylov e’lon qilingunga qadar o‘tgan 18 kunlik hokimlik davrida prezident Erdo‘g‘on oilasiga aloqador davlat tenderlari tufayli Istanbul byudjetida $4 milliardlik kamomad paydo bo‘lganini fosh etgan edi.
Bu Erdo‘g‘on davri intihosi alomatimi?

Muxolifat nihoyat o‘zining g‘olib kelishga qurbi yetishini angladi. Endilikda muxolif kuchlar milliy saylovlarda ham bo‘sh kelmasligi tayin. Turkiyada keyingi yalpi saylov 2023 yilda bo‘lib o‘tishi belgilangan, ammo «AKP»ning bunday alamli mag‘lubiyati ortidan saylovni erta o‘tkazishga talablar ortib ketishi taxmin qilinmoqda.
Janob Erdo‘g‘onning avtoritar boshqaruvi kuchaygan sari uning atrofidagi ishonchli odamlar halqasi ham qisqara bordi. Ayni vaqtda prezident Erdo‘g‘onning hech qanday arzirli vorisi yo‘q – moliya vaziri o‘laroq xizmat qilayotgan kuyovi esa odamlarni o‘z ortidan ergashtira olish qobiliyatiga ega emas. O‘zi tashkil etgan AK partiyasi janob Erdo‘g‘onsiz falajlanib qolishi turgan gap.
Prezident Erdo‘g‘on hukmdorligi intihosining ibtidosi boshlangani borasida gap-so‘zlar urchimoqda.
O‘tgan yillar davomida Turkiya jamiyati turli qutblarga ajrab ketdi, mamlakatning o‘zi esa matbuot erkinligi, sud tizimi va inson huquqlari reytinglarida pastga quladi. Muxolifat umid qilgan yagona najot esa erkin saylov bo‘ldi.
Muxolifat, kech bo‘lsa-da, g‘alabaga erisha oldi – ammo bundan chiqarilgan eng muhim xulosa shuki, Turkiya demokratiyasida hali-hamon hayot saqlanib qolgan ekan.
Manba: Minbar.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar