21:36 / 25.09.2019
2 457

«Orzularim va bolaligimni o‘g‘irladingiz» — Shvetsiyalik qizaloq dunyo siyosatchilarini safsatabozlikda aybladi

«Orzularim va bolaligimni o‘g‘irladingiz» — Shvetsiyalik qizaloq dunyo siyosatchilarini safsatabozlikda aybladi
Shvetsiyalik iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash faoli, 16 yoshli Greta Tunberg Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbarida turib dunyo rahbarlarini iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishga qodir emaslikda va uning «bolaligini o‘g‘irlashda» aybladi.

«Bunga qanday haddingiz sig‘di?»
«Bularning bari noto‘g‘ri. Men bu yerda bo‘lmasligim kerak edi. Okeanning narigi tomonidagi maktabga qaytishim kerak. Bas, sizlar biz yoshlarga umid bilan murojaat qilyapsizlar. Bunga qanday haddingiz sig‘di? Sizlar quruq so‘zlaringiz bilan orzularim va bolaligimni o‘g‘irladingiz. Yanayam men omadlilardan biriman. Odamlar azoblanyapti, odamlar o‘lyapti. Butun boshli ekotizimlar barbod bo‘lyapti. Biz ommaviy qirilishning boshlanishida turibmiz. Sizlar esa faqat pullar haqida gapirasizlar va o‘sayotgan iqtisodiyot haqida ertaklar aytasizlar. Bunga qanday haddingiz sig‘yapti?», dedi u BMTning iqlim masalalariga bag‘ishlangan sammitida.

Sammit vaqtida Greta yo‘lakda AQSh prezidenti Donald Trampni uchratib qoldi. Tramp sammitga 15 daqiqa kechikib keldi va Tunbergning nutqini eshitmadi. Tramp ekologik muammolarga e’tiborsiz qaraydi va AQSh uning tashabbusi bilan iqlim bo‘yicha Parij kelishuvidan chiqib ketgan.

Yo‘lakdagi tasodifiy uchrashuv chog‘ida Gretaning yuz ifodasi qanday o‘zgarib ketganligi tasvirlangan surat hamda u va Tramp tasvirlangan gif-surat tarmoqlarda tarqalib, memlarga aylanib ketdi.

Eng yosh iqlim himoyachisi
Greta Tunberg 2003 yil 3 yanvarda tug‘ilgan. U 11 yoshida og‘ir tushkunlikni boshidan kechirgan, unda Aspeger sindromi (jamiyat bilan munosabatda qiynalish), selektiv mutizm (ma’lum vaziyatlarda gapirish qobiliyatini yo‘qotish) aniqlangan.

Greta 8 yoshidan buyon ekologiya muammosi bilan shug‘ullanib keladi.

Tunberg o‘tgan yil avgustida Stokgolmdagi parlament binosi oldida «maktab ish tashlashi» boshlaganidan so‘ng omma e’tiboriga tushdi. U har juma kuni parlament oldida turib siyosatchilarni atrofga zaharli moddalar chiqarishni qisqartirish bo‘yicha Parij shartnomasini bajarishga chaqirdi.

Fevral oxirida Tunberg Berlinda o‘tkazgan namoyishda 4 mingga yaqin yoshlar ishtirok etdi. U BMTning iqlim masalalari bo‘yicha konferensiyasi va Davosdagi Jahon iqtisodiy forumiga taklif etildi. Shvetsiyada Tunbergni «yil ayoli» deb e’tirof etishdi.

Shvetsiyalik va norvegiyalik siyosatchilar Greta Tunbergni ekologik harakatga qo‘shgan hissasi uchun tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod etib ko‘rsatishdi.

Shvetsiyalik deputatlar Yens Holm va Xokan Svenneling hamda norvegiyalik parlament vakillari Freddi Andre Ovstegord, Mona Fageros va Lars Xaltbrekken ana shunday tashabbus bilan chiqishdi.

«Greta boshlagan harakat butun sayyoramiz ishi uchun muhim hissa hisoblanadi», — deya qayd etdi Ovstegord.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Orzularim va bolaligimni o‘g‘irladingiz» — Shvetsiyalik qizaloq dunyo siyosatchilarini safsatabozlikda aybladi