10:15 / 13.04.2020
2 232

Boris Jonson shifokorlar uning hayotini saqlab qolganini aytdi (video)

Boris Jonson shifokorlar uning hayotini saqlab qolganini aytdi (video)
Koronavirusga chalingani tufayli bir muddat shifoxonada davolanib chiqqan Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson uyiga qaytgan kuni – 12 aprelda videomurojaat bilan chiqdi.

«Xayrli kun. Bir hafta o‘tib, bugun kasalxonadan chiqdim. Shu bir hafta davomida shifokorlar shak-shubhasiz hayotimni saqlab qolishdi. Ularning oldida qarzdor ekanimni so‘z bilan ifodalab berishim qiyin», – dedi Jonson Twitter orqali yo‘llagan videomurojaatida.

U, shuningdek, qirollik xalqiga karantin qoidalariga sabr bilan rioya etayotgani uchun tashakkur izhor qilgan. Bosh vazir mamlakatda koronavirusga qarshi ko‘rilayotgan choralarni «milliy kurash» deya atab, Britaniya bundan oldin ham ko‘plab qiyinchiliklarni yengib o‘tganini ta’kidlagan.

«Sog‘liqni saqlash tizimi qanchalik katta bosim ostida ekaniga oxirgi 7 kun davomida guvohi bo‘ldim», degan Jonson yangi zelandiyalik Jenni va portugaliyalik Luis ismli hamshira va tibbiy birodariga alohida minnatdorchilik bildirgan. Uning aytishicha, bu ikki xodim u intensiv terapiyada bo‘lgan 48 soat davomida muntazam uning yonida bo‘lib turishgan, bu vaqtda esa «har qanaqa holat ro‘y berishi mumkin edi».

Jonson hali to‘la sog‘ayib ketganicha yo‘q. U Dauning Stritdagi rezidensiyasida davolanishda davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, Buyuk Britaniya hukumati rahbariga 26 mart kuni koronavirus tashxisi qo‘yilgan. Oradan o‘n kun o‘tib ham kasallik alomatlari o‘tib ketmagach, 5 aprelda kasalxonaga yotqizilgan, shu kuni ahvoli yomonlashib intensiv terapiya bo‘limiga o‘tkazilgandi. 10 aprelda oddiy palataga o‘tkazilgan bosh vazirga 12 aprel kuni uyiga javob berildi.

Buyuk Britaniyada koronavirusdan zararlanish holatlari soni 85 mingga yaqinlashmoqda. Qurbonlar soni 10 mingdan oshdi. Tuzalganlar esa bor yo‘g‘i 350 nafarga yaqin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Boris Jonson shifokorlar uning hayotini saqlab qolganini aytdi (video)