Million dollarlik tuflilar egasi Imelda Markos qanday qilib hokimiyat tepasiga keldi?

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Filippinning sobiq birinchi xonimi Imelda Markos o‘zining hashamatli hayot tarzi va millionlab dollarlik xarajatlari bilan mashhur bo‘lgan, biroq ayni paytda mamlakatning xalqaro nufuzini oshirishda ham hissa qo‘shgan.
- Uning siyosiy faoliyati turmush o‘rtog‘i Ferdinand Markosning prezidentlikka kelishi bilan boshlangan va keyinchalik o‘zi ham mamlakat ishlarida faol ishtirok etgan.
Filippinning sobiq birinchi xonimi Imelda Markos mamlakat tarixida eng ko‘p muhokama qilingan shaxslardan biri bo‘lib qolmoqda. U bir tomondan mamlakatning xalqaro nufuzini oshirish, sog‘liqni saqlash, madaniyat va ta’lim sohalarini rivojlantirishdagi faoliyati bilan tanilsa, boshqa tomondan hashamatli hayot tarzi va katta xarajatlari bilan mashhur bo‘ldi.
Uni zamonasining eng ochko‘z va shafqatsiz hukmdorlaridan biri deb ataganlar ham bor. Imelda shaxsiy ehtiyojlari uchun millionlab mablag‘ sarflagan bir paytda, mamlakat aholisining katta qismi qashshoqlik va ochlikdan azob chekkani tanqidlarga sabab bo‘lgan. Shunga qaramay, uni chin dildan yaxshi ko‘rgan filippinliklar ham ko‘p edi.
Imelda Markos 1929 yil 2 iyul kuni Manilada tug‘ilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, uning otasi advokat Visente Romualdes bo‘lgan, ajdodlari esa badavlat yer egalari qatoriga kirgan.
Biroq uning bolaligi haqida boshqa versiya ham mavjud. Jurnalist Karmen Pedrosa sobiq birinchi xonim haqida biografik kitob tayyorlab, Imeldaning qashshoqlikda o‘sgani va yoshligidan yo‘qchilikdan qutulishni orzu qilgani haqida ma’lumotlar keltirgan. Imelda kitob haqida eshitgach, o‘zi haqida noxush mish-mishlar tarqalishidan xavotirlanib, uning nashr etilishini taqiqlashga uringan.
Yosh Imelda estrada xonandasi bo‘lishni orzu qilgan va hatto Manilaning ko‘ngilochar maskanlarida sahnaga chiqqan. Biroq otasi qizining bu kasbni tanlashini qo‘llab-quvvatlamagan.
Uning hayoti 1954 yilda tubdan o‘zgardi. O‘sha yili Filippin Kongressi Vakillar palatasida mas’ul lavozimda ishlayotgan Ferdinand Markos bilan tanishdi. Juftlik munosabatlari juda tez rivojlanib, bor-yo‘g‘i 11 kunlik uchrashuvlardan so‘ng Ferdinand unga turmush qurishni taklif qildi. Imelda darhol rozi bo‘ldi.
Ferdinand Markos prezidentlik uchun kurashni boshlaganida, Imelda unga faol ko‘maklashdi. U mamlakat bo‘ylab safar qildi, rasmiy tadbirlarda qatnashdi, diplomatik tashriflarda ishtirok etdi va turmush o‘rtog‘ining siyosiy dasturi haqida intervyular berdi.

Natijada 1965 yilda Ferdinand Markos Filippinning 10-prezidenti bo‘ldi. Bu esa Imeldaning siyosiy ta’sirini yanada oshirdi.
Sovuq urush davrida Filippinning birinchi xonimi prezident vakili sifatida SSSR, Xitoy, Chexoslovakiya, Ruminiya, Vengriya, Sharqiy Germaniya, Iroq, Kuba va Shimoliy Koreyaga tashrif buyurdi. U Leonid Brejnev, Kim Ir Sen, Mao Szedun, Saddam Husayn va Muammar Qaddafiy kabi siyosiy rahbarlar bilan uchrashuvlarda ishtirok etdi.
Imeldaning diplomatik faoliyati natijasida Tripolida Filippin hukumati va Moro milliy ozodlik frontining islomiy ayirmachilari o‘rtasidagi qarama-qarshilikka oid bir qator tinchlik bitimlari imzolandi. Tadqiqotchilarga ko‘ra, Filippinning xalqaro nufuzi Markoslar hukmronligi davridagidek yuqori darajaga undan oldin ham, keyin ham chiqmagan.
Biroq Imelda ichki siyosatga ham katta e’tibor qaratdi. Uning davrida madaniyat, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalari rivojlandi. Bir nechta yirik tibbiyot markazlari, ta’lim muassasalari va madaniy obyektlar, jumladan, Filippin madaniyat markazi tashkil etildi. Mamlakatdagi o‘nlab strategik obyektlarga Imelda va Ferdinand Markos nomi berildi.
Biroq birinchi xonimning hashamatli hayot tarzi ham jamoatchilik e’tiboridan chetda qolmadi. Imelda asosiy moda poytaxtlariga borib, qimmatbaho kiyim va poyabzallar uchun millionlab dollar sarflagan. Uning ulkan poyabzal kolleksiyasi esa keyinchalik Imelda Markos obrazining asosiy ramzlaridan biriga aylandi.
Markoslar oilasi AQSHda, xususan, Manhettenda bir nechta ko‘chmas mulk obyektlariga ham egalik qilgan. Imelda san’atga ham qiziqqan va uning shaxsiy kolleksiyasida Mikelanjelo Buonarroti, Sandro Bottichelli hamda Kanaletto asarlari bo‘lgan.
Aholining katta qismi qashshoqlikda yashayotgan bir paytda bunday dabdabali hayot tarzi jamoatchilikning tanqidiga sabab bo‘ldi. Ayrimlar Markoslar oilasining boyligi manbasini aniqlashga harakat qildi. Imelda esa oilaning boyligi prezidentlikdan oldin shakllanganini va uning bir qismi badavlat qarindoshlaridan meros bo‘lganini ta’kidladi.

1980 yilda Ferdinand Markosning sog‘lig‘i yomonlashdi. U autoimmun kasallik — qizil yugurukdan aziyat chekardi. Shu davrda Imelda mamlakat ishlarini amalda o‘z qo‘liga olgani haqida mish-mishlar tarqaldi.
1986 yilgi saylovlarda Ferdinand Markos yana g‘alaba qozongani e’lon qilindi. Ammo uning raqiblari natijalarni tan olmadi. Korason Akino va kichik Beninyo Akino tarafdorlari tergov talab qilib, mamlakat bo‘ylab noroziliklarni kuchaytirdi.
Vaziyat keskinlashganiga qaramay, Ferdinand Markos harbiy kuch ishlatishdan voz kechdi va 1986 yilda mamlakatni tark etib, surgunga ketdi. Prezidentlik lavozimini Korason Akino egalladi va Markoslar oilasining davlat mablag‘laridan foydalanishi bo‘yicha tergov boshlandi.
1988 yilda Imelda va Ferdinand Markosga rasmiy ayblovlar e’lon qilindi. Biroq sobiq prezident sudgacha yashamadi va 1989 yilda buyrak yetishmovchiligi oqibatida vafot etdi.
Imelda esa siyosiy faoliyatini tiklashga harakat qildi. Qat’iyatli xarakteri tufayli filippinliklar unga “po‘lat kapalak” laqabini berishgan.
1990 yilda u protsessual qoidabuzarliklar tufayli barcha ayblovlar bo‘yicha oqlandi. Keyinchalik Filippinga qaytib, siyosiy faoliyatini davom ettirdi. 2010 yilda u Shimoliy Ilokos provinsiyasidan Vakillar palatasiga saylandi.
Biroq sud ishlari shu bilan tugamadi. 2018 yilda Imelda Markos korrupsiyaga oid yetti epizod bo‘yicha aybdor deb topilib, 11 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi xavfi ostida qoldi. U garov evaziga ozodlikda qoldi va qaror ustidan shikoyat qildi.

Shunga qaramay, Markoslar oilasiga munosabat Filippin jamiyatida hanuz turlicha. Ayrim fuqarolar ularning hukmronlik yillarini mamlakatning rivojlanishi, xalqaro nufuzi oshishi va yirik loyihalar bilan bog‘laydi. Boshqalar esa bu davrni qashshoqlik, dabdaba, korrupsiya va hokimiyatning kuchli markazlashuvi bilan eslaydi.
Shu bois Imelda Markos nomi Filippin tarixida hamon eng ko‘p muhokama qilinadigan shaxslardan biri bo‘lib qolmoqda. Millionlab dollarlik xaridlari, mashhur poyabzal kolleksiyasi, diplomatik safarlari va siyosiy ta’siri uning “po‘lat kapalak” sifatida tarixda qolishiga sabab bo‘ldi.






























Izohlar 0
…