412 santimetrlik dum: Otlar orasidagi Rapunzel aniqlandi

412 santimetrlik dum: Otlar orasidagi Rapunzel aniqlandi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Ogayo shtatida yashovchi Jenni ismli ot 412,62 santimetrlik dumi bilan Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi.
  • Bu ko‘rsatkich deyarli Volkswagen Beetle avtomobilining uzunligiga teng va 2026 yil 25 iyul kuni rasman qayd etilgan.
  • Jenni Amerika miniladigan ot zotiga mansub bo‘lib, uning dumi yetti yil davomida muntazam ravishda parvarish qilingan.

AQSHning Ogayo shtatida yashovchi Jenni laqabli ot o‘zining nihoyatda uzun dumi bilan jahon e’tiborini qozondi. Uning dumi 412,62 santimetrga yetib, Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi. Bu ko‘rsatkich deyarli Volkswagen Beetle avtomobilining uzunligiga teng.

Yangi rekord 2026 yil 25 iyul kuni rasman qayd etilgan. Jenni amerikalik Makkenzi Lou va Reychel Estesga tegishli bo‘lib, hozirda Spring-Velli shahridagi ot sporti maktabida saqlanadi.

Jennining rekord darajasidagi dumi yetti yil davomida muntazam ravishda parvarish qilingan. Qizig‘i, uning hozirgi natijasi 2007 yilda JJS Summer Breeze nomli baytal o‘rnatgan rekorddan qariyb 32 santimetrga uzun. O‘sha paytda JJS Summer Breeze'ning dumi 381 santimetr bo‘lgan edi. Endi esa Jenni bu ko‘rsatkichni sezilarli ravishda yangilab, uzun dumli otlar orasida yangi rekord egasiga aylandi.

Jennining egasi Makkenzi Louning so‘zlariga ko‘ra, ot uning fermasiga kelguniga qadar dumi bilan bog‘liq qiziq holat ham yuz bergan. Jenni bir marta o‘z dumini butunlay yulib tashlagan. Ot sotib olingan vaqtda uning dumi allaqachon yerga tegib turardi, biroq hozirgi kabi uzunlikka hali yetmagan edi. Jenni Amerika miniladigan ot zotiga mansub. Bu zot vakillari uzun va qalin dumlari bilan ajralib turadi. Otning egalari uning dumini kesmaslikka qaror qilishgan va vaqt o‘tishi bilan dum tobora uzayib borgan.

Ayol maydonda dumi juda uzun bo‘lgan qora otning yonida turibdi.

Natijada Jennining g‘ayrioddiy tashqi ko‘rinishi egalarini yanada jiddiy maqsad sari undagan. Ular otning uzun dumi bilan jahon rekordini o‘rnatishga harakat qilib ko‘rishga qaror qilishgan va bu urinish muvaffaqiyatli yakunlangan. Biroq bunday uzun dumni saqlab qolish oson emas. Uni parvarish qilish bir necha soat vaqt talab qiladi. Jennining dumi taxminan oyiga bir marta yuvilib, quritiladi. Keyin esa turli shikastlanishlardan asrash maqsadida maxsus tarzda o‘rib qo‘yiladi.

Dumni to‘liq parvarish qilish jarayoni, ya’ni yuvish, konditsionerlash, chigallarni yozish va qaytadan o‘rib chiqish o‘rtacha to‘rt-besh soat davom etadi. Bunday uzoq jarayonda Jenni ba’zan sabrsizlana boshlaydi. Ammo egalari unga shirinliklar berib, parvarish tugaguniga qadar xotirjam turishiga yordam berishadi.

Qolaversa, Jennining o‘zi yoki boshqa otlar tasodifan uning uzun dumini bosib olmasligi uchun dum o‘rib qo‘yiladi va maxsus g‘ilofga joylashtiriladi. Shu tariqa oddiy parvarishdan boshlangan jarayon Jennini noodatiy rekord sohibi va «otlar orasidagi Rapunzel»ga aylantirdi.

Avvalroq, 16 sentyabr kuni Ginnesning rekordlar kitobi dunyodagi eng baland va eng kichik otlarni ham ma’lum qilgan edi.

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar