07:57 / 30.06.2020
707

Xitoyda harbiylarning COVID-19’ga qarshi tajriba vaksinasidan foydalanishiga ruxsat berildi

Xitoyda harbiylarning COVID-19’ga qarshi tajriba vaksinasidan foydalanishiga ruxsat berildi
Foto: Reuters
Xitoy harbiylarning CanSino Biologics va Harbiy fanlar akademiyasining tadqiqot markazi tomonidan ishlab chiqilgan COVID-19 koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksina namunasidan foydalanishiga ruxsat berildi. Bu haqda CanSino Biologics ma’lumotiga tayanib The Jakarta Post xabar qilgan.

«Faqat harbiy tuzilmalarning Ad5-nCoV vaksinasidan foydalanishiga ruxsat berilgan. Hozircha undan Xitoy xalq-ozodlik armiyasi moddiy-texnik ta’minoti bo‘linmasi ruxsatisiz keng miqyosda foydalanishning imkoni yo‘q», — deyilgan CanSino Biologics bayonotida.
Kompaniya bergan ma’lumotga ko‘ra, Xitoy markaziy harbiy komissiyasi 25 iyundan boshlab vaksinadan bir yil davomida foydalanishga ruxsat bergan.

Avval klinik sinovlarda vaksinaning xavfsiz ekani, shuningdek, kasallikka qarshi samaradorligi aniqlangan. Ad5-nCoV’ning dastlabki ikki bosqichdagi tadqiqotlarida vaksinaning koronavirus chaqiradigan kasallikning rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaslik xususiyatiga ega ekani namoyon bo‘lgan. CanSino Biologics kompaniyasining qayd etishicha, vaksinaning tijoriy tomondan muvaffaqiyat qozonishi kafolatlanmagan.

Ad5-nCoV Xitoyda ishlab chiqilgan va mamlakatda hamda uning tashqarisidagi odamlarda klinik sinov o‘tkazilishi boshlangan sakkizta potensial vaksinaning biri hisoblanadi. Mazkur vaksinani test qilishga Kanadada ham ruxsat berilgan.

Avval Xitoy xalq-ozodlik armiyasi harbiy fanlar akademiyasi COVID-19’ga qarshi ikkinchi tajriba vaksinasining test qilinishiga ruxsatnoma olgan. OAVda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Xitoy koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqishda yetakchilik qilmoqda.

Biroq hali dunyoda ishlab chiqilayotgan hech bir vaksina uchinchi bosqichga chiqmagan: ushbu bosqichdagi sinovlarda kamida mingta ishtirokchi qatnashishi talab etiladi, tadqiqot virus keng tarqalgan mamlakatda tabiiy sharoitda o‘tkaziladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)