07:00 / 03.07.2020
3 582

Koreyalik Daniyel: “Nega Islomni qabul qildim?”

Koreyalik Daniyel: “Nega Islomni qabul qildim?”
Janubiy Koreyalik Daniyel Choi qanday qilib hidoyat topgani haqida quyidagicha hikoya qiladi.
"O‘tgan yili harbiy xizmatda edim. U yerda bir fransiyalik do‘stim bo‘lar edi. Boshida men uning musulmon ekanligini bilmaganman, balki qo‘rqqanidan sezdirmagandir. Chunki odatda armiyada bunday mavzular gapirilmasdi... U shu vaqtgacha men ko‘rgan insonlardan butkul farq qiladigan ajoyib inson edi.

Uning musulmon ekanligidan xabar topgach, uning boshqalardan ajralib turishi sababini angladim. Shunda menda Islomga bo‘lgan qiziqishgina emas, unga nisbatan muhabbat ortdi. Hattoki o‘zimga o‘zim, qanday qilib bitta din insonlarni shunday tarbiyalashi mumkin, deya savol berganman. Ularning hayotga nisbatan qarashlari, maqsadlari musulmon bo‘lmaganlarnikiga qaraganda butkul farq qiladi, bular men o‘zimda kechirgan ochiq hislardir.

Bilasizmi, o‘sha vaqtda ham menda Islomni qabul qilish qarori hali bo‘lmagan edi. Bunga ilk qadam Qur’oni karimni qo‘limga olganimda boshlangan, bular tushuntirilishi juda qiyin bo‘lgan holatlarimdir. Chunki men Islom haqida ko‘proq bilishni, o‘rganishni juda xohlagandim. Bu yo‘l o‘zgacha, unda hech birida takrorlanmas narsa bor, chunki unda shubhalarga o‘rin yo‘q. Islomdagi buyruq va taqiqlarda yomon ko‘riladigan, tushunarsiz holatlar yo‘q, aksincha, muhabbatingiz ortadigan amallar ko‘p...

Besh mahal namozning ado etilishi, bu – ta’riflab bo‘lmas shuur, men eng sevgan, Islomga qalban mehr qo‘yib, qabul qilishimga sababchi bo‘lgan amaldir. Balki kim uchundir bir kunda besh vaqt namoz o‘qish qiyin tuyulishi mumkin, ammo bu shunday buyuk lazzatki, biz unda Yaratganga yuzlanib, U bilan suhbatlashish sharafiga yetishamiz, hattoki undan-da ko‘p vaqt buning iloji bor, men uchun bu katta narsa. Bu menga har doim, har yerda va har ishimda to‘g‘ri yo‘lni topishim lozimligini eslatib turadigan, Haq yo‘lida, Haqqa yetishishlik uchun qilinadigan eng buyuk amallardan biridir.

Bilasizmi, bu menga ham qo‘rquv, ham quvonch beradi, ammo undagi qo‘rquv o‘zgacha. U meni hushyorlikka chorlaydi, vaqtim ozligini eslatadi, jonim sog‘ bo‘lsa-da, keyingi namozga ulgurolmay, menga nimadir bo‘lib, vafot etib qolsam-chi, unda men Yaratganning huzurida qanday turaman, degan o‘ylar quyulib keladi va meni namozdan uzmaydi. Insonlar ko‘p xatoliklar va gunohlar qiladilar, ya’ni men bunda o‘zimni aytyapman, ammo shunday bo‘lsa-da, u bizga imkon berdi, qanday yashash kerakligini belgilab berdi. Namoz o‘qishni tark qilib faqat gunohlarim bilan uning yonida tirilishdan uyaldim,

Yaratganimning yonida shunday gunohkor banda sifatida tirilishdan qo‘rqaman, mana bu mening qo‘rquvim, agar bu qo‘rquv meni namozga chorlasa, demak bu men uchun baxt, men musulmon bo‘lib tug‘ilmagan bo‘lsam ham, uni endigina qabul qilgan bo‘lsam ham ushbu amallar ila, namozlarda yuzlanib uning shafoatiga umidvor bo‘lib yashayman, shafoatiga umidvor ekanman Haqning yo‘lida yurish va amal qilish kerak, bularsiz uning yonida tirilishdan yomoni bo‘lmasa kerak.

Yana bir ajoyib narsa, Islom meni ota-onaga bo‘lgan hurmatda qayta tarbiyaladi, men ularni qanday hurmat qilish kerakligini qaytadan o‘rgandim. Insonlarga muloyim bo‘lishni o‘rgandim. Uning rejalari mukammal, ishonch va unga bo‘lgan iymonni mustahkam qilish kerak, yana aytaman chunki uning rejalari mukammal. Men baxtliman, garchi musulmon bo‘lib tug‘ilmagan bo‘lsam-da, Islomni endi qabul qilgan bo‘lsam-da, uning rejalari va istaklari mukammalligiga ishonaman, chunki buning barchasi Yaratganning menga ko‘rsatgan marhamatidan deb bilaman”.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Koreyalik Daniyel: “Nega Islomni qabul qildim?”