Shvetsiyada 24 mingdan ortiq kumush tangadan iborat ulkan xazina topildi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Shvetsiyaning Syodertele munitsipalitetida topilgan «Xyorningsxolm xazinasi»
- 24 ming 100 ga yaqin kumush tanga va 144 ta boshqa tarixiy buyumdan iborat bo‘lib, bu mamlakat tarixida topilgan eng yirik tanga xazinasi hisoblanadi.
- Xazinada kumush buyumlar, zarhal bezaklar va oz miqdordagi oltin buyumlar, shuningdek, kam uchraydigan yepiskop tangalari ham mavjud.
Shvetsiyaning Syodertele munitsipalitetiga qarashli Myorkyo hududida vikinglar davri va ilk o‘rta asrlarga oid yirik xazina topildi. «Xyorningsxolm xazinasi» deb nomlangan topilma tarkibidan 24 ming 100 ga yaqin kumush tanga va 144 ta boshqa tarixiy buyum aniqlangan.
Xazina 2025 yil avgust oyida Xyorningsxolm 2:7 yer maydonida topilgan. Uning asosiy qismini kumush tangalar tashkil etadi. Shuningdek, topilmalar orasida kumush buyumlar, zarhal bezaklar va oz miqdordagi oltin buyumlar ham bor. Mutaxassislar xazinaning umumiy holatini yaxshi deb baholagan.
Topilmani aniqlagan shaxs bu haqda imkon qadar tez viloyat ma’muriyatiga xabar bergan. Shu sababli u qonunchilikda belgilangan talablarni bajargan hisoblanadi.
Shvetsiya Milliy meros kengashiga ko‘ra, «Xyorningsxolm xazinasi» mamlakat hududidan hozirgacha topilgan eng yirik tanga xazinasi hisoblanadi. Mutaxassislar topilma Shvetsiyaning dastlabki iqtisodiyoti, uzoq masofalardagi savdo va aloqalari hamda yozma manbalarda kam yoritilgan davrdagi jamiyat haqida yangi ma’lumotlar berishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Xazinaning yana bir e’tiborga molik jihati — unda kam uchraydigan yepiskop tangalarining ko‘pligidir. Bu tangalar o‘sha davrdagi diniy va iqtisodiy hayot haqida qo‘shimcha ma’lumot berishi mumkin.
Shvetsiya Milliy meros kengashi topilmani davlat tasarrufiga olishga qaror qilgan. Xazinani aniqlagan shaxsga 4 million Shvetsiya kronasi miqdorida tovon puli beriladi.
Kengash vakili Magnus Larssonning ta’kidlashicha, tovon miqdorini belgilashda xazinaning yuqori tarixiy-madaniy qiymati va topilmani aniqlagan shaxs uchun adolatli to‘lov belgilash zarurati hisobga olingan.































Izohlar 0
…