O‘zbekistonda nega o‘g‘il bolalar qizlardan ko‘proq tug‘ilmoqda?

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- O‘zbekistonda 2010–2025 yillarda 12 million 486 ming 844 nafar chaqaloq tug‘ilgan bo‘lib, ularning 6 million 482 ming 375 nafari o‘g‘il, 6 million 4 ming 469 nafari qiz bolalar bo‘lgan.
- Bu davrda har 100 nafar qiz chaqaloqqa o‘rtacha 108 nafar o‘g‘il bola to‘g‘ri kelgan, bu ko‘rsatkich biologik me’yordan yuqori.
- Mutaxassislar bu holatni oilalarda o‘g‘il farzandga bo‘lgan ustuvor qarash va reproduktiv qarorlar bilan bog‘lashadi.
O‘zbekistonda so‘nggi 16 yil davomida qizlarga qaraganda o‘g‘il bolalar ko‘proq tug‘ilgan. 2010–2025 yillarda mamlakatda jami 12 million 486 ming 844 nafar chaqaloq dunyoga kelgan. Ularning 6 million 482 ming 375 nafari o‘g‘il, 6 million 4 ming 469 nafari esa qiz bolalar bo‘lgan.
Shu tariqa, 16 yilda o‘g‘il bolalar soni qizlardan qariyb 478 ming nafarga ko‘p bo‘lgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, har 100 nafar qiz chaqaloqqa o‘rtacha 108 nafar o‘g‘il bola to‘g‘ri kelgan.
Buning sababi nimada?
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, tug‘ilishda o‘g‘il bolalarning qizlarga nisbatan biroz ko‘p bo‘lishi tabiiy holat. Biologik jihatdan odatiy nisbat har 100 qizga 102–106 nafar o‘g‘ilni tashkil etadi. Biroq O‘zbekistondagi 108:100 ko‘rsatkich tabiiy diapazondan yuqori.
Demografik tadqiqotlarda bu farqning ehtimoliy sabablaridan biri sifatida oilalarda o‘g‘il farzandga bo‘lgan ustuvor qarash ko‘rsatiladi. Yangi tadqiqotga ko‘ra, O‘zbekistonda oilada o‘g‘il farzand tug‘ilgandan keyin keyingi farzandni rejalashtirish ehtimoli pasayadi. Mualliflar tug‘ilishdagi 108:100 nisbat yuqori ekanini ham qayd etib, bu holatga o‘g‘il farzandni afzal ko‘rish kabi omillar ta’sir qilishi mumkinligini muhokama qilgan. Biroq tadqiqot mualliflari jins tanlash amaliyotining ko‘lami haqida qat’iy xulosa chiqarish uchun ishonchli ma’lumotlar yetarli emasligini ta’kidlaydi.
Nisbat yillar kesimida ham bir xil bo‘lmagan. Eng katta tafovut 2018 yilda — 10,4 foiz, eng kichik farq esa 2025 yilda — 7 foiz qayd etilgan.
Demak, O‘zbekistonda o‘g‘il bolalarning ko‘proq tug‘ilayotganini faqat tabiiy biologik omil bilan izohlash qiyin. O‘g‘il farzandga bo‘lgan oilaviy qarashlar va reproduktiv qarorlar ham ushbu demografik ko‘rsatkichni shakllantiruvchi ehtimoliy omillar qatorida tilga olinadi.






























Izohlar 0
…