13:50 / 04.10.2020
9 183

Gitler yonidagi 15 ta qiz. Nega ular har kuni yig‘lashgan?

Gitler yonidagi 15 ta qiz. Nega ular har kuni yig‘lashgan?
Foto: «depositphotos.com»
Dasturxoningizdagi taom zaharlangan bo‘lishi mumkinligidan qo‘rqib yashashni tasavvur qilish qiyin. Gitler ana shunday qo‘rquv ichida yashagan. Aynan shuning uchun ham u 15 nafar qizdan iborat «zaharli jamoani» tuzgan. «Rambler» ushbu voqea haqida qizarli ma’lumotlarni to‘pladi.

Ma’lum bo‘lishicha, ikki yarim yil davomida Uchinchi reyxdagi qizlar Fyurerga olib kelingan oziq-ovqat mahsulotlarini totib ko‘rib yurishgan. Bu ularning har kungi ishi edi. Qizig‘i, ularning hammasi asl nemis ayollari bo‘lishgan — bu Gitlerning qat’iy talabi edi. U tashqi g‘animlar yoki ichki dushmanlari taomga og‘u qo‘shib qo‘yishidan juda xavotirlanardi. Qizlar uchun boshliqqa xizmat qilish — sharafli vazifa hisoblangan.

Qizlarning g‘alati hikoyalari haqida butun olam 2013 yilga kelibgina xabar topdi: ular orasida yagona omon qolgan ayol — 95 yoshli Margo Velk bu haqda «Shpigel» jurnaliga so‘zlab berdi.

Velkning aytishicha, qizlar har kuni sabzavot, guruch, pasta va o‘sha vaqtlarda kam uchraydigan ekzotik mevalarni totib ko‘rishgan. Gitler vegetarian bo‘lgani uchun go‘sht yemaganini hisobga olmaganda, «degustatorlar»ning hayoti ertakdek tuyulishi mumkin — axir urush davrida ko‘pchilikning yegani bir burda qotgan noni ham bo‘lmagan paytlarda qizlar har kuni to‘yguncha ovqatlanishardi. Faqat ular bu mo‘l-ko‘llikdan xursand bo‘lishmagan.

«Ba’zilari shu darajada qo‘rqishardiki, ovqatlana boshlagach yig‘lashga tushardi. Biz hammasini yeb tugatishimiz shart edi. So‘ngra bir soat kutishga to‘g‘ri kelardi. Har safar ahvolimiz yomonlashib qolishidan juda qo‘rqardik. Har safar hech nima bo‘lmagach esa yana ho‘ngrab yig‘lardik — faqat bunisi omon qolganimiz uchun xursandchilik ko‘z yoshlari edi», — deya xotirlaydi Velk.

Qizlarga taomni eseschilar keltirishardi. Ovqatlanib bo‘lgach degustatorlarga hech nima qilmaganiga ishonch hosil qilish uchun bir soat kutilardi. Faqat shundan keyingina taomni Gitlerga olib kirishardi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, shu vaqt davomida qizlardan birortasi ham zaharlanib qolmagan.

Shohida Isroilova tayyorladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Gitler yonidagi 15 ta qiz. Nega ular har kuni yig‘lashgan?